Tanish-bilishchilik qilgan Samarqand MMTB rahbari ishdan haydaldi

3-sahifa

image

Rossiya Federatsiyasida o‘tkazilgan “Alvon yelkanlar” bitiruvchilar bayramiga yaqinlarini jo‘natgan Samarqand viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi rahbari ishdan olindi. Bu haqda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi matbuot xizmati QALAMPIR.UZ’ga ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, boshqarma mansabdor shaxslarining Rossiya Federatsiyasida o‘tkazilgan tadbirda ishtirok etgan delegatsiya tarkibiga yaqin qarindoshlarini kiritgani yuzasidan Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligiga kiritilgan taqdimnoma asosida holat bo‘yicha Ishchi guruh tomonidan xizmat tekshiruvi o‘tkazilgan.

Tekshiruvda viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Muzaffar Hamdamov va boshqarma mas’ullari “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi, “Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida”gi qonunlar hamda Vazirlar Mahkamasining 595-son qarori bilan tasdiqlangan davlat fuqarolik xizmatchilari odob-axloqining namunaviy qoidalari talablariga zid xatti-harakatlar, bir qator qo‘pol xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘yganliklari aniqlangan.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, qonunbuzilishi holatlarini bartaraf etish kelgusida bunday holatlarning oldini olish maqsadida boshqarma boshlig‘i Muzaffar Hamdamov egallab turgan lavozimidan ozod etilgan.

Bundan tashqari, boshqarma boshlig‘ining o‘rinbosari, Buxgalteriya hisobi va davlat xaridlari sho‘’basi yetakchi mutaxassisi, Pedagoglarning bilim va malakalarini baholashni tashkil etish sho‘’basi  bosh metodisti, O‘quvchilar bilimini baholash va tahlil qilish sho‘’basi  boshlig‘i, O‘quvchilar bilimini baholash va tahlil qilish sho‘’basi  metodistiga nisbatan intizomiy jazo choralarini qo‘llash bo‘yicha vazirlikka taklif kiritilgan.

Shuningdek, agentlik taqdimnomasida ko‘rsatilgan holatlar Vazirlikning Odob-axloq komissiyasida muhokama qilinib, kelgusida davlat xizmatchilari bilan bog‘liq bu kabi salbiy holatlarning oldini olish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar belgilab olingani ma’lum qilingan.

“Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi davlat xizmatida manfaatlar to‘qnashuvi holatlarini doimiy monitoring qiladi hamda qonun ustuvorligi tamoyiliga qat’iy rioya etgan holda, aniqlangan har qanday qonunbuzilishiga nisbatan keskin va murosasiz choralar ko‘rilishini ta’minlaydi”, deyiladi xabarda.

Ma’lumot o‘rnida, Muzaffar Hamdamov 2019 yildan 2025 yilgacha Paxtachi tumani hokimi lavozimida ishlagan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Samarqand viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi rahbari Muzaffar Hamdamov Rossiyaga yuborilgan rasmiy delegatsiya tarkibiga o‘z o‘g‘li va jiyanini qo‘shib yuborgani ma’lum bo‘lgan edi. Shundan so‘ng iqtidorli yoshlar o‘rniga farzandi va jiyanini xorijga yubormoqchi bo‘lgan samarqandlik amaldor 28 mln so‘mni byudjetga qaytargan.


Maqola muallifi

Teglar

Samarqand Korruptsiya MMTB Tanish-bilish

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing