Taniqli yozuvchi va tarjimon Boboxon Muhammad Sharif vafot etdi
Madaniyat-san’at
−
11:38 1337 2 daqiqa
Kecha, 5 fevral kuni O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, taniqli yozuvchi va tarjimon Boboxon Muhammad Sharif 77 yoshida vafot etdi. Bu haqda uyushmaning matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lumot uchun, u 1949 yilda Xorazmda tug‘ilgan. Tarjima, ilmiy va adabiy ishlarda katta hissa qo‘shgan. Ko‘plab adabiy asarlarni turk tilidan o‘zbek tiliga tarjima qilgan. O‘zbekiston, Ozarbayjon, Turkiya va boshqa millatlarning san’atini alohida qadrlagan. Qo‘shni xalqlar bilan adabiy aloqalarni mustahkamlashda muhim rol o‘ynagan. O‘zbek va jahon adabiyoti hamda madaniyatiga katta hissa qo‘shgan.
1966 yilda o‘rta maktabni oltin medal bilan tamomlab, Toshkent Davlat universitetining filologiya fakultetiga o‘qishga kirgan. Universitetni imtiyozli diplom bilan tugallab, “Mushtum” jurnalida mehnat faoliyatini boshlagan. Keyinchalik “Toshkent oqshomi” gazetasida muxbir, “O‘zbekiston” nashriyotida bo‘lim mudiri, O‘zbekiston Respublikasi Davlat Matbuot qo‘mitasida Bosh muharrir-nashriyotlar boshqarmasi boshlig‘i, G‘afur G‘ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyot-matbaa birlashmasi bosh direktori, O‘zbekiston Prezidenti huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasining “Akademiya” nashriyoti, so‘ngra “Musiqa” nashriyoti direktori lavozimlarida ishlagan.
Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anning “Dunyo yanada odil bo‘lishi mumkin” kitobi o‘zbekcha nashriga (2022) mas’ul muharrirlik qilgan.
Shuningdek, o‘zbek va turk kinoijodkorlari hamkorligida suratga olingan “Mendirman Jaloliddin” serialining ssenariy mualliflaridan biri va serialning bosh maslahatchisidir.
Prezident tashabbusi bilan 2022 yilda nashr etilgan “Turkiy adabiyot durdonalari” 100 jildlik kitoblar turkumida tarjimalari bilan faol ishtirok etgan.
Boboxon Muhammad Sharif – xalqaro “Mahmud Qoshg‘ariy” (O‘zbekiston) va “Turk dunyosiga xizmat” (Turkiya), “Qorachao‘g‘lon” (Turkiya), “Ozarbayjonning yaqin do‘sti” va “Rasul Rizo” (Ozarbayjon) mukofotlari sovrindori. 2023 yil “Do‘stlik” orden bilan mukofotlangan.
Eslatib o‘tamiz, 23 yanvar kuni taniqli jurnalist, mehnat faxriysi Abdusamad Yo‘ldoshev 86 yoshda vafot etgandi.
Live
Barchasi