Taniqli olim vafoti munosabati bilan Shavkat Mirziyoyev ta’ziya bildirdi
Jamiyat
−
24 mart 2020
15473Joriy yilning 20 mart kuni fizik-kimyo va yarimo‘tkazgichlar fizikasi sohasidagi taniqli olim, O‘zbekiston Fanlar akademiyasining akademigi Saidov Muxtor Safarbayevich 89 yoshida vafot etdi. Olimning vafoti munosabati bilan Shavkat Mirziyoyev boshchiligidagi davlat rahbariyati ta’ziya bildirdi.
Ma’lumot uchun, Muxtor Saidov 1930 yilning 21 noyabr kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasining Mang‘it shahrida tug‘ilgan. 1951 yilda Xorazm davlat pedagogika institutini tugatib, 1951-1954 yillarda Moskva davlat universiteti aspiranturasida tahsil olgan. 1954 yilda nomzodlik, 1970 yilda doktorlik dissertatsiyalarini himoya qilgan. 1984 yilda O‘zbekiston Fanlar akademiyasining haqiqiy a’zosi etib saylangan.
Muxtor Saidov o‘z mehnat faoliyatini 1954 yili Xorazm davlat pedagogika institutida katta o‘qituvchi sifatida boshladi. Keyinchalik Samarqand davlat universitetida kafedra mudiri lavozimida ishladi. Mehnat faoliyati davomida Fanlar akademiyasi Fizika-texnika institutida katta ilmiy xodim, laboratoriya mudiri, direktor o‘rinbosari, Elektronika institutining direktori, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi prezidiumi Fizika-matematika bo‘limining akademik-kotibi, “O‘zgeliotexnika” markazi rahbari kabi mas’ul vazifalarda samarali xizmat qildi.
Olimning yarimo‘tkazgichlar texnologiyasi sohasining nazariy va amaliy masalalariga bag‘ishlangan ko‘plab maqolalari, kitob va monografiyalari O‘zbekiston va xorijiy mamlakatlar ilmiy jamoatchiligiga yaxshi ma’lum. Uning bir qator ilmiy ishlanmalari mamlakat iqtisodiyoti tarmoqlarida muvaffaqiyatli qo‘llanib kelmoqda.
Olim “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi” faxriy unvoni, O‘zbekiston Respublikasi davlat mukofoti bilan taqdirlangan.
LiveBarchasi