Tananing eng “jonkuyar” a’zosi — sochlarga nimalar salbiy ta’sir qiladi?
Salomatlik
−
11 aprel 2021
9385Inson chiroyining 80 foizi yuz terisi tekisligi hamda sochlarning sog‘lom ko‘rinishi bilan o‘lchanishi isbotlangan. Ammo turli sabablarga ko‘ra, soch to‘kilishi, jilosini yo‘qotishi mumkin. Ushbu mavzuda SSV Matbuot xizmati Respublika ixtisoslashtirilgan dermatologiya va kosmetologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori o‘rinbosari Ilhom Rahimovga murojaat qildi.
Mutaxassisga ko‘ra, boshda o‘rta hisobda 50 mingdan 150 mingtagacha soch tolasi bo‘lishi me’yor hisoblanadi. Soch follikuladan o‘sib chiqadi. Follikula ostida esa soch qopchasi joylashgan bo‘lib, u yerda soch ildizi rivojlanadi.
Qayd etilishicha, soch qopchasida yangi tola paydo bo‘la boshlaganda, eskisi to‘kilib ketadi. Bu tabiiy jarayondir. Ya’ni, har kuni 60-100 donagacha soch to‘kilishi mumkin. O‘rtacha 2 yildan 4 yilgacha yashaydigan soch tolasi asosan kunduzi va ko‘proq bahor hamda yoz oylarida nisbatan tezroq o‘sadi.
"Soch — inson organizmidagi eng nozik va eng “jonkuyar” a’zolardan biri. Chunki uning to‘kilishiga tananing boshqa a’zolari kasallanishi yoki asab tolalarining taranglashishi sabab bo‘ladi.
Sochning me’yoridan ortiq to‘kilishi, avvalo, nerv tizimining umumiy ahvoli buzilishi tufayli boshlanadi. Bunga ichki sekretsiya bezlari, jigar, me’da-ichak yo‘li a’zolari faoliyatining buzilishi, vitamin yetishmasligi yoki soch folikulalardagi tug‘ma nuqsonlar ham turtki bo‘lishi mumkin", deyilgan xabarda.
Mutaxassisga ko‘ra, seboreya (yog‘ ajralishining buzilishi) natijasida ham sochning erta to‘kilishi ehtimoli bor. Tana haroratining ba’zi infeksion kasalliklar oqibatida uzoq vaqt yuqori bo‘lishi, zaxmga chalinganda va og‘ir operatsiyalardan so‘ng ba’zida soch to‘kiladi. Boshning sochli qismi terisiga zamburug‘ yuqqanligi natijasida ham sochlardan ayrilish mumkin.
Shuningdek, mutaxassis asabiy zo‘riqish, o‘ta charchash va boshqalar oqibatida ko‘pincha soch uya-uya yoki dumaloq-dumaloq bo‘lib to‘kilishini, ba’zan imtihon davrida o‘ta toliqish, uyqusizlik oqibatida o‘quvchilarda ham soch kamayishi kuzatilishini ma’lum qilgan.
LiveBarchasi