Tan olinmagan SHKTR prezidenti O‘zbekistonga keldi

Olam

image

Turkiyadan o‘zga hech bir mamlakat tomonidan tan olinmagan Shimoliy Kipr Turk Respublikasi (SHKTR) prezidenti Ersin Tatar bugun, 9 noyabr kuni poytaxt Toshkentda bo‘lib o‘tadigan Iqtisodiy hamkorlik tashkilotining 16-sammitida ishtirok etish uchun O‘zbekistonga keldi. 

Gap shundaki, Ersin Tatarning ushbu sammitda ishtirok etishi va Toshkentga kelayotgani haqida rasmiy manbalar tomonidan xabar berilmagan. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi tomonidan IHT sammiti o‘tkazilishiga doir xabarda ham SHKTRdan vakil ishtirok etishi haqida so‘z bormagan. 

Shuni alohida qayd etish o‘rinliki, joriy yilning 2-3 noyabr kunlari Qozog‘iston poytaxti Ostona shahrida o‘tkazilgan Turkiy Davlatlar Tashkilotining X sammitida ishtirok etgan Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an o‘z an’anasiga sodiq qolib, sammitdagi nutqida, Shimoliy Kipr Turk Respublikasini dastaklab, uning Iqtisodiy hamkorlik tashkilotiga ham kuzatuvchi bo‘lib qo‘shilishini TDTning boshqa liderlari qo‘llab-quvvatlashini so‘ragan edi. 

“Oila kengashimiz o‘tgan yili Samarqanddagi sammitimizda Shimoliy Kipr Turk Respublikasiga bir ovozdan kuzatuvchi a’zo maqomi berib, tarixiy qaror qabul qildi. Ushbu qarorni qabul qilishda qo‘llab-quvvatlaganingiz uchun sizga yana bir bor minnatdorlik bildirmoqchiman”, degan Erdo‘g‘an sammitdagi nutqida. 

Uning qayd etishicha, turkiy dunyo bu qaror bilan yakkalanib qolgan bo‘lsa-da, vatanidan voz kechmagan Kipr turklarining yolg‘iz emasligini barchaga ko‘rsatgan.  

Erdo‘g‘an so‘zida davom etib, Shimoliy Kipr Turk Respublikasini “Buyuk Turkiy oilaning ajralmas bir qismi” deb atadi. 

“Buyuk Turkiy oilaning ajralmas bir qismi bo‘lgan Kipr turklari bilan birdamlikda harakat qilish bizning farzimizdir. Keyingi sammitimizda Shimoliy Kipr Turk Respublikasini ham qaror qilganimizdek kuzatuvchi a’zo sifatida oramizda ko‘rishimizga ishonaman. Men bu boradagi zukko rahbarligingizga ishonaman", deydi Erdo‘g‘an.  

Turkiy Davlatlar Tashkilotining X sammiti yakunlari bo‘yicha davlat rahbarlari tomonidan imzolangan deklaratsiyada turkiy dunyoning ajralmas qismi bo‘lgan Shimoliy Kipr Turk Respublikasining Turkiy davlatlar parlament assambleyasi va Turkiy savdo-sanoat palatalari ittifoqida kuzatuvchi maqomi hamda Iqtisodiy hamkorlik tashkilotida kuzatuvchi maqomiga ega bo‘lishi qayd etilgan.

Gap shundaki, Kipr orolning Gretsiyaga qo‘shilishi tarafdorlari tomonidan amalga oshirilgan davlat to‘ntarishi natijasida 1974 yilda Turkiya qurolli bosqinidan beri etnik jihatdan ikkiga bo‘lingan. Harbiy harakatlar natijasida Kipr hududining taxminan 37 foizi Turkiya nazorati ostida bo‘lib, Shimoliy Kipr – 1983 yilda tashkil topgan va jahon hamjamiyatida faqat Anqara tomonidan tan olingan. Turkiya Shimoliy Kiprda 40 ming kishilik harbiy kontingentini saqlab turibdi. Orolning janubiy qismi asosan Kipr yunonlari yashaydigan Kipr Respublikasi nazorati ostida qoldi.

Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an esa qayerga borsa, o‘sha yerga Shimoliy Kipr Turk Respublikasining Prezidenti Ersin Tatarni yetaklab borishga, juda bo‘lmaganda nutqida Shimoliy Kipr Turk Respublikasini eslatib ketishga urinadi. O‘tgan yilning noyabr oyida Samarqandda o‘tgan Turkiy Davlatlar Tashkiloti sammitidagi nutqida ham Erdo‘g‘an, Shimoliy Kipr Turk Respublikasi Turkiy Davlatlar Tashkilotiga kuzatuvchi maqomida qabul qilinganini aytdi. Bunga hech kim e’tiroz bildirmadi, Samarqand deklaratsiyasida ham bu o‘z ifodasini topdi. Qolaversa, tashkilotning Istanbuldagi bosh shtab-kvartirasiga boshqa a’zo va kuzatuvchi davlatlarning bayroqlari qatori tan olinmagan Shimoliy Kipr Turk Respublikasining bayrog‘i ham o‘rnatildi. Yanayam ajablanarlisi Shimoliy Kipr Turk Respublikasining Prezidenti Ersin Tatar tashkilotning joriy yil 16 mart kuni Anqarada bo‘lib o‘tgan navbatdan tashqari sammitida boshqa prezidentlar bilan bir stol atrofida o‘tirdi. 

Eng qizig‘i, Turkiyadan boshqa hech bir davlat parlamenti Shimoliy Kipr Turk Respublikasini tan olmagan va uni Turkiy Davlatlar Tashkiloti kuzatuvchisi sifatida e’tirof etmaydi. Shu o‘rinda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi tomonidan tarqatilgan so‘nggi xabarga e’tibor qaratsak. O‘zbekiston rahbarining Ostonada o‘tadigan Turkiy Davlatlar Tashkiloti sammitida ishtirok etishini tasdiqlovchi rasmiy axborot so‘ngida Shimoliy Kipr Turk Respublikasi tashkilotda kuzatuvchi davlat maqomiga ega ekani aytilmagan.

“Tashkilotga O‘zbekiston Respublikasi, Ozarbayjon Respublikasi, Qozog‘iston Respublikasi, Qirg‘iz Respublikasi va Turkiya Respublikasi a’zo, Vengriya va Turkmaniston tashkilotda kuzatuvchilardir”, deb yozilgan axborotda.

Demakki, O‘zbekiston Samarqand deklaratsiyasida aks etgani, bayrog‘i shtab-kvartiraga ilinganiga qaramay, Shimoliy Kiprni bu tashkilot ichida ko‘rmaydi. Va bu faqatgina O‘zbekistonga xos emas, boshqa davlatlarda ham shunday vaziyat.


Maqola muallifi

Teglar

Shimoliy Kipr Turk Respublikasi Ersin Tatar Iqtisodiy Hamkorlik tashkiloti

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing