Taxtda 70 yil! Britaniyada Yelizaveta II ning Platina yubileyiga tayyorgarlik ko‘rilmoqda

Olam

image

Joriy yilning 2-5 iyun kunlari Buyuk Britaniya qirolichasi Yelizaveta II ning taxtga o‘tirganiga yetmish yil to‘lishi munosabati bilan mamlakatda bayram tantanalari bo‘lib o‘tadi. Qirolichaning platina yubileyi sharafiga 2 iyundan 5 iyunga qadar Buyuk Britaniyada to‘rt kunlik dam olish kunlari va keng ko‘lamli tantanalar e’lon qilindi.

Bukingem saroyi tomonidan ishlab chiqilgan va tasdiqlangan dastur quyidagi tadbirlarni o‘z ichiga oladi:

2 iyun kuni Qirolichaning tug‘ilgan kuni sharafiga parad bo‘lib o‘tadi, unda 1400 dan ortiq askar, 200 ot va 400 nafar musiqachi ishtirok etadi. Shuningdek, shu kuni Buyuk Britaniya, Kanal orollari, Men oroli va xorijdagi hududlarda 1500 ta mayoq yoqiladi. Hamdo‘stlik mamlakatlari poytaxtlarida ham birinchi marta mayoqlar yoqiladi. Bu Buyuk Britaniyadagi qadimiy an’ana bo‘lib, u qirollik yubileylari, to‘ylar va toj kiyish marosimlarida amalga oshiriladi.

Ma’lumot o‘rnida, Qirolicha Yelizaveta II har yili ikkita tug‘ilgan kunini nishonlaydi: uning haqiqiy tug‘ilgan kuni aprel oyida va uni rasman nishonlash esa iyun oyining ikkinchi shanbasida bo‘lib o‘tadi. Monarxlar uchun ikkita tug‘ilgan kun an’anasi 1748 yilda qirol Jorj II davridan boshlangan.

3 iyun kuni Avliyo Paul cherkovida Yelizaveta II hukmronligi uchun minnatdorchilik marosimi bo‘lib o‘tadi. Buyuk Paul, mamlakatdagi eng katta cherkov qo‘ng‘irog‘i xizmat uchun chalinadi. U 1882 yilda yasalgan, ammo 1970 yillarda buzilgan mexanizm tufayli “jim bo‘lib qolgandi”. U 2021 yilda qayta tiklanib, hozirgacha 8 marta xizmat uchun chalindi.

4 iyun kuni Platina bazmi Bukingem saroyida bo‘lib o‘tadi. Unda Buyuk Britaniya qirolichasining 70 yillik hukmronligi eng muhim daqiqalarini nishonlash uchun san’atkorlarni birlashtiradigan konsert bo‘lib o‘tadi. Konsertda bir nechta jahon miqyosidagi yulduzlarning ishtiroki kutilmoqda.

5 iyun kuni britaniyaliklar Buyuk yubiley kechki ovqatida ishtirok etishlari mumkin bo‘ladi. Bu ko‘cha ziyofatlari, pikniklar, bog‘da barbekyu kabilardan iborat. Shu kuni Platina yubiley tanlovi ham bo‘lib o‘tadi: unda Buyuk Britaniya va Hamdo‘stlikdan besh ming kishi Bukingem saroyi oldida chiqish qiladi. Qirolichaning Matbuot xizmati dabdabali marosimlar, ko‘cha san’ati, teatr, musiqa, sirk va ilg‘or vizual texnologiyalarni va’da qilmoqda.

Shuningdek, 2022 yil iyul oyidan boshlab Bukingem saroyining rasmiy qirollik qarorgohlari, Vindzor qasri va Xoliruddagi qirollik qarorgohida Yelizaveta II hukmronligining eng muhim voqealari – taxtga o‘tirish, toj kiyish va yubileylarga bag‘ishlangan uchta ko‘rgazma namoyish etiladi.

Ma’lumot o‘rnida, Yelizaveta II 1952 yil 6 fevralda, otasi qirol Jorj VI vafot etgan kuni qirolicha bo‘lgandi. 2022 yilda 96 yoshga to‘lgan Yelizaveta II butun qirollik tarixida birinchi bo‘lib platina yubileyini – o‘z hukmronligining 70 yilligini nishonlagan monarx bo‘ldi.

 

Kamronbey Kenjayev


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

67

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing