Tailandda rossiyalik opa-ukalar vahshiylarcha o‘ldirildi
Olam
−
01 avgust 9013 2 daqiqa
Tailandda rossiyalik 22 yoshli Diana Nazimova hamda uning 17 yoshli ukasi Roman Nazimov o‘ldirib ketildi. Qotillikda gumon qilinayotgan ikki shaxs qo‘lga olindi. Bu haqda “Khaosod” xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Diana va Roman joriy yilning 26 iyul kuni tong soat taxminan 04:00 da Pattayya yaqinidagi Xuay Yay hududidagi uyidan Honda rusumli mototsiklda yaqin atrofdagi do‘konga yo‘l olgan. Oradan ko‘p o‘tmay ular bilan aloqa uzilgan. Bedarak yo‘qolishidan avval Diana onasiga “Shoshilinch” degan xabar yuborib, kimdir ularni kuzatayotganini yozgan. Shuningdek, uning telefoniga yaqin atrofda noma’lum Bluetooth-treker aniqlangani haqida ogohlantirish kelgan. Shundan so‘ng opa-ukaning telefonlari o‘chib qolgan.
Onasi ularning qaytib kelmaganidan so‘ng politsiyaga murojaat qilgan. Qidiruv ishlariga politsiya, mahalliy aholi va xizmat itlari bilan kinologlar jalb etilgan. Kuzatuv kameralarida rossiyaliklar ortidan yana bir mototsikl harakatlangani aniqlangan. Keyinchalik ularga tegishli Honda mototsiklining ayrim qismlari Chonburi provinsiyasining Banglamung tumanidagi Txung Luang eski qabristoni hududidan ko‘milgan holda topilgan.
Tergov davomida 43 yoshli Tana (“Pong” laqabli) va 39 yoshli Tongchay (“Txong” laqabli) asosiy gumonlanuvchi sifatida aniqlangan. Ular kecha, 31 iyul kuni Sa Kayeo provinsiyasining Vang Sombun tumanida qochishga uringan vaqtida qo‘lga olingan.
So‘roq davomida gumonlanuvchilar rossiyaliklarning mototsiklini o‘g‘irlamoqchi bo‘lganini tan olgan. Ularning aytishicha, Diana va Roman qarshilik ko‘rsatganidan so‘ng, Roman otib o‘ldirilgan, Diana esa kaltaklanishi oqibatida halok bo‘lgan.
Shundan so‘ng, gumonlanuvchilar jinoyat izlarini yashirish maqsadida marhumlarning jasadlarini Chonburi provinsiyasidagi Kxao Chi Chan hududiga ko‘mgan. Mototsikl esa qismlarga ajratilib, alohida ko‘milgan.Ma’lum qilinishicha, politsiya gumonlanuvchilarni jasadlar yashirilgan joyga olib borib, tergov harakatlarini davom ettirmoqda.
Shuningdek, Pattayya sudi avvalroq Pong va Txongni tungi o‘g‘irlik hamda o‘g‘irlangan mulkni yashirishda gumon qilib, ularni hibsga olishga order bergan. Bundan tashqari, Xoy va Pxang ismli yana ikki shaxs mototsikl qismlarini ko‘mish va gumonlanuvchilarning qochishiga yordam bergan bo‘lishi mumkinligi yuzasidan so‘roq qilinmoqda. Ular esa ayblovlarni rad etib, Pong va Txongni tanimasliklarini bildirgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Tailandda chemodan ichidan 17 yashar qizning jasadi topilgandi. Tailand politsiyasi 17 yoshli qiz o‘limi yuzasidan tergov doirasida Avstraliya fuqarosini qo‘lga olgan.
Live
Barchasi