Tailand va Kambodja o‘rtasidagi to‘qnashuvda o‘zbekistonliklar ham jabrlandimi?
Olam
−
25 iyul 10075 2 daqiqa
Tailand va Kambodjada istiqomat qilayotgan O‘zbekiston fuqarolari orasida qurolli to‘qnashuvlar davrida jabrlanganlar mavjud emas. Bu haqda O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Ahror Burhonov ma’lum qildi.
Bildirilishicha, TIV Tailand va Kambodja o‘rtasidagi chegarada yuz bergan qurolli to‘qnashuv munosabati bilan yuzaga kelgan vaziyatni diqqat bilan kuzatmoqda.
“Biz barcha tomonlarni vaziyatni tinch yo‘l bilan hal qilishga va xalqaro huquq normalariga rioya qilishga chaqiramiz”, deyiladi vazirlik xabarida.
O‘zbekistonning Bangkokdagi Bosh konsulxonasi ma’lumotlariga ko‘ra, Tailand poytaxti va turizm markazlarida vaziyat barqaror bo‘lib, xorijiy sayyohlar uchun xavf-xatar mavjud emas.
Shu bilan birga, vazirlik O‘zbekiston fuqarolaridan Kambodja bilan chegaradosh hududlarga safar qilmaslikni va rasmiy xabarlarni kuzatib borishni so‘ragan.
“Favqulodda vaziyatlarda Bangkokdagi Bosh konsulxonamizga (+66-2) 675-3995 yoki (+66-2) 675-3996 raqamlari orqali murojaat qilish mumkin. Vazirlik vatandoshlarimiz xavfsizligini ta’minlash uchun barcha zarur choralarni ko‘rishda davom etadi”, deyiladi xabarda.
Tailand va Kambodjagi qonli to‘qnashuvlar
Tailand va Kambodja o‘rtasidagi munosabatlar hozirda keskin yomonlashgan va qurolli to‘qnashuvlarga aylanmoqda. 24–25 iyul kunlari bahsli chegara hududlarida harbiy harakatlar avj oldi. Tailand F-16 qiruvchi samolyotlari Kambodja tomoniga aviazarbalar berdi, artilleriya va minomyotlardan foydalanildi. Bu janglar oqibatida hozirgacha kamida 16 kishi halok bo‘ldi – ularning 15 nafari Tailandda, 1 nafari Kambodjada. Yana ko‘plab insonlar yaralangan. Har ikki davlat bir-birini provokatsiyada ayblamoqda.
Ziddiyatning avj olishi oqibatida 120 mingdan ortiq fuqaro xavfsizlik nuqtai nazaridan o‘z uylarini tark etishga majbur bo‘ldi. Ayrim manbalarda bu raqam 130 mingga yetgani aytilmoqda. Qurolli to‘qnashuvlar dastlab 6 ta joyda sodir bo‘lgan bo‘lsa, hozirda 12 ta nuqtaga yoyilgan. Tailand hukumati barcha Kambodja bilan chegara nazorat-o‘tkazuv punktlarini yopganini e’lon qildi.
Diplomatik munosabatlar ham jiddiy sovuqlashdi – tomonlar elchilarini chaqirib oldi, ayrim diplomatik vakillar chiqarib yuborildi. Xalqaro hamjamiyat – BMT, AQSH, Xitoy va boshqa davlatlar vaziyatni zudlik bilan tinch yo‘l bilan hal qilishga chaqirmoqda. Biroq Tailand har qanday vositachilikni rad etib, faqat ikki tomonlama muzokaralarni ma’qul deb hisoblayotganini bildirdi.
Bu mojaro ildizi qadimiy Preah Vihear ibodatxonasi atrofidagi bahsli hududlarga borib taqaladi. Tarixan Tailand va Kambodja ushbu hudud bo‘yicha bir necha bor bahslashgan, hatto 2008-2011 yillarda ham qurolli to‘qnashuvlar bo‘lib o‘tgan. Hozirgi holat esa o‘sha eski ziddiyatning yangi bosqichdagi keskinlashuvi hisoblanadi.
Umuman olganda, vaziyat juda jiddiy va keng ko‘lamli harbiy to‘qnashuvga aylanishi mumkin. Tailand harbiylari tayyor holatga keltirilgan, Kambodja armiyasi ham zaxira kuchlarni harakatga keltirgan.
Live
Barchasi“Samarqand darvoza”da Tahoe yonib ketdi
19 dekabr