Tailand va Kambodja AQSH vositachiligiga qaramay jang qilmoqda
Olam
−
13 dekabr 1093 2 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Tramp Tailand va Kambodja o‘rtasida o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishilganini aytganiga qaramay, bugun, 13 dekabrda tomonlar o‘rtasida janglar davom etdi. Kambodja Axborot vazirligi Tailandning harbiy samolyotlari bahsli chegara orqali hujumlar uyushtirganini ma’lum qildi. O‘z navbatida, Tailand armiyasi Kambodjani xalqaro huquqni buzishda aybladi.
Bir kun avval Donald Tramp Tailand va Kambodja Bosh vazirlari Anutin Chanvirakun va Xun Manet bilan telefon orqali muzokaralar o‘tkazib, 12 dekabrdan boshlab barcha jang harakatlarini to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishilganini bildirgan edi.
Biroq suhbat yakunlari bo‘yicha qilgan bayonotlarida na Anutin, na Xun bunday kelishuvni tilga oldi. Tailand Bosh vaziri sulhga erishilganini ochiq rad etdi.
“Tailand mamlakatimiz va aholimiz uchun xavf-xatar yo‘qolganini his qilmaguncha harbiy harakatlarni davom ettiradi”, deb yozdi u Facebook sahifasida.
Kambodja hukumat rahbari esa Facebook’dagi postida Tramp bilan bo‘lgan suhbatni tilga oldi, biroq mamlakati hali ham oktyabr oyida Kuala-Lumpurda imzolangan kelishuv asosida tinch yechim izlayotganini ma’lum qildi.
Chegara masalasi bilan bog‘liq bo‘lgan va o‘n yillab davom etib kelayotgan Kambodja–Tailand qarama-qarshiligining navbatdagi keskinlashuvi 8 dekabrda boshlandi. Tomonlar chegaraning turli hududlarida raketa va artilleriya qo‘llab janglarni qayta boshladi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, to‘qnashuvlar oqibatida har ikki tomondan kamida 20 kishi, jumladan, tailandlik askarlar va kambodjalik tinch aholi vakillari halok bo‘lgan.
Iyul oyidagi oldingi keskinlashuvdan so‘ng — o‘shanda besh kunlik janglar davomida 40 dan ortiq kishi halok bo‘lgan va taxminan 300 ming tinch aholi uy-joyini tark etishga majbur bo‘lgan — AQSH vositachiligida sulhga erishilgan edi. Oktyabr oyi oxirida Kambodja va Tailand Bosh vazirlari “keskinlikni pasaytirish, ishonchni tiklash va o‘zaro manfaatli munosabatlarni rivojlantirishga ko‘maklashish” majburiyatini o‘z ichiga olgan deklaratsiyani imzolagan.
Biroq noyabr oyida Tailand ushbu kelishuvni bajarishdan chekindi. Bangkok ma’lumotiga ko‘ra, chegara hududida minaning portlashi natijasida ikki nafar tailandlik askar halok bo‘lgan. Shu asosda Tailand Kambodjani sulh rejimi buzilganlikda aybladi.
Live
Barchasi