Tailand Kambodjaga qarshi sudga da’vo qilmoqchi

Olam

image

Tailand Sog‘liqni saqlash vazirligi chegaradagi qurolli to‘qnashuvlar vaqtida shifoxonalarga yetkazilgan zarar tufayli Kambodjaga qarshi sud da’volarini kiritmoqchi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vaziri Somsak Txepsutinning so‘zlariga tayanib, “Bangkok Post” gazetasi xabar berdi.

Uning aytishicha, Tailanddagi tibbiyot muassasalariga yetkazilgan zarar taxminan 146 million batni (4,5 million AQSH dollari) tashkil etadi. Nizoni sud tartibida ko‘rib chiqish qarori Ichki ishlar vazirligi topshirig‘idan so‘ng qabul qilingan.

Gazetaning yozishicha, Tailandda jami 20 ta shifoxona zarar ko‘rgan. Ulardan 5 tasi to‘liq tiklangan, 12 tasi qisman ishlamoqda, 3 tasi esa hozircha faoliyatini to‘xtatgan. Shuningdek, 149 ta tuman darajasidagi birlamchi tibbiy yordam punktlari zarar ko‘rgan, ularning ko‘pchiligi hanuz yopiq.

24-25 iyul kunlari bahsli chegara hududlarida harbiy harakatlar avj oldi. Tailand F-16 qiruvchi samolyotlari Kambodja tomoniga aviazarbalar berdi, artilleriya va minomyotlardan foydalanildi. Bu janglar oqibatida kamida 16 kishi halok bo‘ldi – ularning 15 nafari Tailandda, 1 nafari Kambodjada. Yana ko‘plab insonlar yaralangan. Har ikki davlat bir-birini provokatsiyada ayblamoqda.

Ziddiyatning avj olishi oqibatida 120 mingdan ortiq fuqaro xavfsizlik nuqtai nazaridan o‘z uylarini tark etishga majbur bo‘ldi. Ayrim manbalarda bu raqam 130 mingga yetgani aytilgan. 

Eslatib o‘tamiz, Tailand va Kambodja 28 iyul kuni “zudlik bilan va shartsiz otashkesim”ga kelishib olgandi. Tailand Bosh vaziri vazifasini bajaruvchi Pxumtxam Vechayachay va Kambodja Bosh vaziri Xun Manet AQSH Prezidenti Donald Trampga muzokaralarni qo‘llab-quvvatlagani uchun minnatdorlik bildirgan.


Maqola muallifi

Teglar

Tailand Kambodja Somsak Txepsutin

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing