Tadbirkorning xotini va haydovchisi uni 680 000 dollarga “uxlatdi”
Jamiyat
−
19 avgust 2019
11605Farg‘ona viloyati Qo‘qon shahrida tadbirkorning uyidan xotini va haydovchisi 5 mlrd so‘mdan ortiq pullarni o‘g‘irladi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Matbuot xizmati xabar berdi.
Tadbirkor I.I.ga nisbatan sodir etilgan ushbu o‘g‘irlik jinoyat ortidan Qo‘qonda yog‘och, shakar, shirinliklar savdosi bilan shug‘ullanadigan tadbirkorning o‘z xotini, Z.I., uning haydovchisi O.I., xotinining dugonasi va dugonasining turmush o‘rtog‘i A.D. va R.U. hamda Qo‘qon shahrida mashhur bo‘lgan folbin M.A.ga nisbatan jinoyat ishi ochildi.
Ayblanuvchilarga O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi(JK)ning 169-moddasi 4-qismi “a” bandi va 243-moddasi va 168-moddasi tartibida jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Voqealarga doir rasmiy hujjatda, Z.I. (xotini) turmush o‘rtog‘i I.I. (eri)ning unga nisbatan munosabati o‘zgarib, boshqa ayollar bilan gaplashib yurganidan rashk qilib, uni jazolash maqsadida, turmush o‘rtog‘i va uning yaqin qarindoshlariga tegishli bo‘lgan pullarini o‘g‘irlik yo‘li bilan talon-toroj qilish rejasini tuzib, turmush o‘rtog‘i I.I.ning pullar saqlanadigan temir seyf kalitini yashirincha qo‘lga kiritib, jami milliy so‘mga nisbatan qiymati 283 532 200 so‘mni tashkil qilgan juda ko‘p miqdordagi 35000 AQSH dollar pullarini yashirin ravishda talon-toroj qilib, o‘zining shaxsiy ehtiyojlari uchun sarf qilgani aytilmoqda.
Z.I. turmush o‘rtog‘i I.I. bilan oilaviy munosabatlari sababli o‘zaro kelishaolmay o‘z ota uyiga ketib qolib, shu yerda yashab yurgan vaqtda muqaddam oilasiga haydovchilik qilgan I.O. bilan gaplashib, u bilan yaqin munosabatda bo‘lib, unga turmush o‘rtog‘i I.I.ning yotoqxonasidagi juda ko‘p miqdorda pullar saqlanadigan seyfning kalit nusxasini I.O.ga bergan.
I.O. esa I.I. va uning oila-a’zolariga tegishli juda ko‘p miqdordagi AQSH dollar pullarini yashirin ravishda talon-toroj qilish maqsadida Qo‘qon shahar Xo‘jakent 4-tor ko‘chasi raqamsiz uyga kelib, devor orqali g‘ayriqonuniy ravishda hovliga kirib, u yerdan I.I.ning yotoqxonasiga deraza orqali kirib, Z.I. tomonidan berilgan kalit yordamida seyfni ochib, uning ichidan I.I. va uning yaqin qarindoshlariga tegishli milliy so‘mga nisbatan qiymati 5 mlrd 508 mln 625 ming 609 so‘mni tashkil qilgan juda ko‘p miqdordagi 680 000 AQSH dollar pullarni yashirin ravishda talon-toroj qilib, hodisa joyidan yashiringan.
Shundan so‘ng I.O. va Z.I. jinoiy yo‘l bilan qo‘lga kiritilgan pullarni o‘rtada taqsimlab, o‘zlarining shaxsiy ehtiyojlari uchun sarflashgan.