“Tabibning o‘zi ham bemor”. Ikki viloyatda prokuratura xodimlari pora bilan ushlandi (video)
3-sahifa
−
07 noyabr 2023
14396Andijonda tuman prokuror o‘rinbosari va yordamchisi, Samarqandda esa prokuror yordamchisi pora olayotganda qo‘lga olindi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Andijon viloyati Xo‘jaobod tuman prokuraturasi tergovchisi tuman ichki ishlar bo‘limining tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat Kodeksining 168- va 228-moddalari bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bo‘yicha gumonlanuvchiga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llamaslik va tergov harakatlari davomida yengillik yaratib berish evaziga 5 ming AQSH dollari talab qilgan.
Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan viloyat prokuraturasi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda tergovchi so‘ralgan pul mablag‘ini umumiy ovqatlanish maskanida olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Holat yuzasidan viloyat prokuraturasi tomonidan Jinoyat Kodeksining 168- va 211-moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Tergov jarayonida tergovchiga ushbu pullarni olish bo‘yicha ko‘rsatmani tuman prokurori o‘rinbosari bergani to‘liq isbotlanib, u ham qamoqqa olingan.
Samarqand viloyatida kuzatilgan holatda esa Pastdarg‘om tumani prokurori yordamchisi tuman ichki ishlar bo‘limi tergov harakatlari olib borayotgan jinoyat ishida ayblanuvchi sifatida o‘tayotgan fuqaroga nisbatan sud jarayonida yengillik berish va sud idoralarida ishlovchi tanishlari orqali qamoqdan chiqarish evaziga, uning qarindoshlaridan 3 ming AQSH dollari talab qilgan.
Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan Samarqand shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbirda, prokuror yordamchisi so‘ralgan pul mablag‘idan 2500 AQSH dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Hozirda holat yuzasidan mazkur mansabdor shaxsga nisbatan viloyat prokuraturasi tomonidan Jinoyat Kodeksining 168- va 211-moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
LiveBarchasi