Tahdid tufayli AQSH bazalarida xavfsizlik kuchaytirildi – CNN
Olam
−
10 iyul
6679AQSHning Yevropadagi harbiy bazalari iyun oyi oxirida “Rossiya tomonidan qo‘llab-quvvatlangan tuzilmalar” AQSH harbiy kontingentiga qarshi qo‘poruvchilik qilishi mumkinligi haqidagi ma’lumot tufayli yuqori shay holatga keltirildi. Bu haqda kecha, 9 iyul kuni masaladan xabardor manbalarga tayanib, CNN xabar berdi.
Manbalarga ko‘ra, so‘nggi ikki hafta ichida AQSH razvedkasi Rossiya “AQSH bazalari va harbiy xizmatchilarni proksi-hujumlarni amalga oshirish imkoniyatlari sifatida ko‘rib chiqayotgani” haqida ma’lumot olgan. Bu ma’lumot “qo‘shimcha xavfsizlik protokollarini” talab qilish uchun “yetarli darajada tashvishli” deb hisoblangan.
Ma’lumot uchun, CNN telekanali 30 iyun kuni ham AQSHning Yevropadagi qator harbiy bazalari shay holatga keltirilgani haqida xabar bergan. Xususan, AQSHning Yevropa qo‘mondonligi (USEUCOM) shtab-kvartirasi joylashgan Shtutgartdagi Amerika bazasida qurolli kuchlar himoyasi Charli darajasiga qadar kuchaytirilgan.
AQSH armiyasining ma’lumotlariga ko‘ra, bu daraja “terrorchilik hujumi yoki harbiy xodimlar yoki inshootlarga hujum qilish ehtimolini ko‘rsatuvchi razvedka ma’lumotlari mavjud bo‘lganda” qo‘llaniladi.
Kanal suhbatdoshlaridan biri bu darajadagi tahdid “kamida 10 yil davomida” kuzatilmaganini ta’kidladi.
AQSHning Yevropadagi qo‘mondonligi harbiy bazalarda xavfsizlik choralarining kuchaytirilishiga nima sabab bo‘lganini to‘g‘ridan to‘g‘ri izohlashdan bosh tortdi. Biroq USEUCOM vakili Den Dayning ta’kidlashicha, “hushyorlikning kuchayishi biron bir tahdid tufayli emas, balki AQSH kuchlarining Yevropa teatridagi xavfsizligiga potensial ta’sir ko‘rsatadigan omillarning kombinatsiyasi bilan bog‘liq”.
LiveBarchasi