“Suv balosi”: Nepaldagi fojiada 30 dan ortiq davlat fuqarolari bedarak yo‘qoldi

Olam

image

Nepal va Xitoy chegarasida yuz bergan kuchli suv toshqinlari oqibatida kamida 472 kishi halok bo‘ldi, 1,5 mingdan ortiq odam bedarak yo‘qoldi. Bedarak yo‘qolganlar orasida 30 dan ortiq davlat fuqarolari, jumladan, sayyohlar, ishchilar va ziyoratchilar ham bor. Bu haqda “Associated Press” xabar berdi.

Qayd etilishicha, minglab odamlar qutqarilgan, jarohatlanganlarning ayrimlari Nepal poytaxti Katmandu hamda yaqin hududlardagi shifoxonalarga olib borilgan. Qidiruv-qutqaruv ishlari davom etayotgani sababli bedarak yo‘qolganlarning soni o‘zgarishi mumkin.

Nepal Tabiiy ofatlarni boshqarish boshqarmasi mamlakatda 469 kishi halok bo‘lgani, 977 kishi bedarak yo‘qolganini ma’lum qilgan. Shuningdek, 3 253 kishi vertolyotlar yordamida qutqarilgan.

Xitoyning Tibet hududida esa kamida uch kishi halok bo‘lgan, 558 kishi bedarak yo‘qolgan. Ularning 260 nafari xorijliklar ekani aytilmoqda. Bundan tashqari, Nepal hududida qariyb 100 nafar Xitoy fuqarosi bilan ham aloqa yo‘qolgan.

Tabiiy ofatdan Hindiston, AQSH, Malayziya, Ukraina, Avstraliya, Buyuk Britaniya, Kanada, Janubiy Koreya, Singapur, Germaniya, Rossiya, Janubiy Afrika, Latviya, Yaponiya, Yangi Zelandiya, Fransiya, Belgiya va Ispaniya fuqarolari ham zarar ko‘rgan.

Xususan, Hindistonning 288, AQSHning 90, Ukrainaning 55, Malayziyaning 51, Avstraliyaning 39 va Buyuk Britaniyaning 33 nafar fuqarosi bilan aloqa yo‘qolgan.

Rossiyaning Nepaldagi elchixonasi ham sakkiz nafar rossiyalik bedarak yo‘qolganini ma’lum qilgan.

Nepal rasmiylariga ko‘ra, ko‘plab xorijliklar hududga sayohat, ish yoki Tibetdagi hindular uchun muqaddas hisoblangan Kaylash tog‘ida ziyorat qilish uchun kelgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Nepal va Tibetda yuz bergan kuchli suv toshqinlari oqibatida halok bo‘lganlar va jabrlanganlar orasida O‘zbekiston fuqarolari yo‘qligi haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing