“Suv balosi”: Nepal va Xitoydagi fojia qurbonlari 500 dan oshdi

Olam

image

Nepal va Xitoyda muzlik qulashi oqibatida yuzaga kelgan suv toshqinlarida kamida 552 kishi halok bo‘ldi, qariyb ming kishi bedarak yo‘qoldi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.

Qayd etilishicha, joriy yilning 26 avgust kuni muzlik qulashi ortidan tog‘lardan katta hajmdagi tosh, muz, loy va boshqa chiqindilar daryolarga oqib tushgan. Bu Nepal va Xitoyning Tibet hududidagi qishloqlar, yo‘llar va ko‘priklarni vayron qilgan.

Shuningdek, suv to‘planishi oqibatida hududda katta ko‘l hosil bo‘lgan. Bugun, 28 avgust kuni ko‘ldagi suv hajmi 2,5 mln kub metrga yetgan. Suvning Lxende Kxola daryosiga, undan esa Trishuli daryosiga oqib tushishi qutqaruv ishlarining taxminan uch soatga to‘xtatilishiga sabab bo‘lgan.

Keyinchalik suv sathi atigi 0,6 metrga ko‘tarilgani va ko‘l yorilib ketishi xavfi boshqariladigan darajada ekani aniqlangan. Shundan so‘ng qutqaruv ishlari qayta tiklangan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Nepalda 547 kishi, Xitoyning Tibet hududida esa 5 kishi halok bo‘lgan. Ikki mamlakatda qariyb 1 ming kishi bedarak yo‘qolgan. Ularning kamida 540 nafari xorijiy fuqarolar bo‘lib, ko‘pchiligi Hindistondan Tibetdagi Kaylash tog‘i va Manasarovar ko‘liga ziyoratga yo‘l olganlar hisoblanadi.

Tabiiy ofatdan 90 mingdan ortiq odam zarar ko‘rgan. Hududdagi yo‘llar va ko‘priklarning vayron bo‘lishi sabab yordam yuklarini olib kelayotgan transport vositalari ham harakatlana olmay qolgan.

Xitoy Prezidenti Si Szinpin qutqaruv ishlarini kuchaytirish, bedarak yo‘qolganlarni izlash hamda muzlik ko‘llari va ko‘chki xavfini doimiy monitoring qilish bo‘yicha topshiriq bergan.

Shu bilan birga, Nepal hukumati xorijiy davlatlarning qidiruv-qutqaruv guruhlarini yuborish bo‘yicha takliflarini hozircha rad etgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, Hindiston, Xitoy, AQSH, Buyuk Britaniya, Yaponiya, Janubiy Koreya, Shri-Lanka va Bangladesh yordam taklif qilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Nepal va Xitoy chegarasida yuz bergan kuchli suv toshqinlari oqibatida kamida 472 kishi halok bo‘lib, 1,5 mingdan ortiq odam bedarak yo‘qolgani, shuningdek, yo‘qolganlar orasida 30 dan ortiq davlat fuqarolari, jumladan, sayyohlar, ishchilar va ziyoratchilar ham borligi haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing