Surxondaryoning bir nechta hududini sel bosdi (video)

Jamiyat

image

Kecha, 21 mart kuni taxminan soat 19:10 lar atrofida Qumqo‘rg‘on tumani hududidagi qir-adirliklarda kuchli yomg‘ir tufayli yig‘ilgan yomg‘ir suvlari Arnali soy orqali “Elobod” mahallasiga – 2 ta ichki ko‘chalarda joylashgan 47 ta xonadonning hovli va tomorqalariga oqib kirgan. Bu haqda viloyat hokimligi xabar berdi.

Shuningdek, kuchli yomg‘ir suvlari “Azlarsoy”dan toshib, soy quyisida joylashgan “Azlarsoy” mahallasi hududidagi 5 ta ichki ko‘chalarda joylashgan 56 ta xonadonning hovli va tomorqalari hamda ayrim turar-joylargacha yetib borgan. 

Ma’lum qilinishicha, toshqin oqibatlarini bartaraf etish va aholining xavfsizligini ta’minlash maqsadida  “Azlarsoy” mahallasidagi 56 ta xonadondan 210 nafar va “Elobod” mahallasidagi 32 ta xonadondan 150 nafar aholi xavfsiz hududda joylashgan yaqin qarindoshlarining uylariga vaqtincha ko‘chirilgan. Tuman markazidagi “Yangi shahar” mahallasida joylashgan 2 ta 4 qavatli uylarning yerto‘lasiga yig‘ilgan toshqin suvlari yong‘in-qutqaruv texnikalari va motopompalar yordamida chiqarib tashlangan.

Qumqo‘rg‘on tumani “Elobod” mahallasi hududidan o‘tuvchi M-41 Olmaota–Bishkek–Dushanbe–Termiz avtomobil yo‘lining 1535-1536 kilometr oralig‘ida transport vositalari va yo‘lovchilar xavfsiziligini ta’minlash maqsadida vaqtinchalik harakat cheklanib, suv toshqinlari tugaganidan so‘ng, yo‘lga yig‘ilgan loyqalar maxsus texnikalar yordamida tozalanib, soat 21:00 da ikki tomonlama transport qatnovi to‘liq tiklangan.

Ushbu hududda sodir bo‘lgan toshqin suvlari Termiz mintaqaviy temir yo‘l uzeli UKga qarashli, Qumqo‘rg‘on–Elbayon peregoni PK 8-9 temir yo‘l ostidan o‘tgan suv quvuriga sig‘magani sababli temiryo‘lning taxminan 0,4 kilometr qismidan toshib o‘tib, shag‘al qoplamasini qisman yuvgan.

Ayni paytda “Elobod” mahallasi ichki ko‘chalari, yo‘llar va boshqa joylarni loyqadan tozalash ishlari amalga oshirilmoqda. Tezkor tadbirlarga 462 nafar xodim, 7 ta texnika, 11 ta motopompa, 24 ta muhandislik texnikalari jalb qilingan.

Tarmoqlarda Sho‘rchi, Sherobod va Bandixon tumanlarining ayrim mahallalarida ham sel hodisasi kuzatilgani aytilmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Surxondaryo Arnasoy sel-toshqin

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made