Surxondaryodan o‘rta paleolit davriga oid yangi yodgorlik topildi

Jamiyat

image

Surxondaryo viloyatining Sherobod tumanida o‘rta paleolit davriga oid yodgorlik aniqlandi. Bu haqda O‘zbekiston Fanlar akademiyasi ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Milliy arxeologiya markazi xodimlari t.f.d., professor R.Suleymanov boshchiligida Sherobod tumanida arxeologik dala tadqiqotlari olib borilgan.

“Dala tadqiqotlari natijasida Ko‘hitang tog‘ tizmasi hududidan paleolit davriga oid yodgorlik aniqlangan. Ko‘hitang tog‘ining ichki qismida ko‘plab tor daralar mavjud bo‘lib, ularda geologik jarayonlar natijasida ko‘plab g‘or va ungurlar shakllangan. Ularning biridan qadimgi davrda ibtidoiy odam ajdodlari mavsumiy boshpana sifatida foydalangan”, deyiladi xabarda.

Dastlabki kuzatuvlar natijasida yodgorlik yer sathidan ko‘plab tosh uzaklar, ularning parchalari, uchrindi va plastinalar hamda qurollar yig‘ib olingan. Yodgorlik madaniy qatlamlari holatini aniqlashtirish uchun 1x2 metr hajmida shurf qazilgan. Qazuv ishlari yer sathidan 0,5 metr chuqurlikda qoyatosh yotg‘iziqlarida to‘xtatilgan. Qazuv ishlari natijasida yodgorlik bitta madaniy qatlamdan iborat ekanligi aniqlangan. Madaniy qatlam kul va kuyindi qoldiqlari bilan qoplangan qoramtir, mayda tarqoq tuproqdan tarkib topgan bo‘lib, unda ham ko‘plab tosh buyumlar va yovvoyi hayvon suyak qoldiqlari topilgan.

“Ushbu yodgorlik hududda ilgari topib o‘rganilgan Teshik-tosh yodgorligiga xronologik va madaniy jihatdan o‘xshashligi bilan ahamiyatlidir. Yodgorlikdan topilgan tosh buyumlar o‘rta paleolit davriga tegishli bo‘lib, toshga ishlov berish texnikasi va tosh buyumlar madaniy jihatdan aynan Teshik-tosh yodgorligi ana’analarini takrorlaydi”, deya ta’kidlangan Fanlar akademiyasi xabarida.

Ta’kidlanishicha, hozirda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Milliy arxeologiya markazi xodimlari mazkur yodgorlikda tadqiqot ishlarini davom ettirishni rejalashtirmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

yodgorlik paleolit

Baholaganlar

72

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing