Surxondaryodagi o‘zbek–afg‘on chegarasida vaziyat qanday? (video)
Jamiyat
−
21 avgust 2021
25160Surxondaryo viloyatidagi o‘zbek–afg‘on chegarasida vaziyat barqarorlashgani aytilmoqda. Bu haqda “Sputnik” nashri xabar berdi.
Qayd etilishicha, Termizdagi nazorat-o‘tkazish punkti normal rejimda ishlamoqda. Viza, yashash guvohnomasi yoki uchinchi davlatlarga aviachiptasi bo‘lgan fuqarolar nazorat punktidan o‘tkazilmoqda. Punkt orqali ikkala yo‘nalishda yuk tashish avtomobillarining harakati tiklangan.
Ma’lum qilinishicha, ayni vaqtda chegara yaqinidagi qochoqlar uchun vaqtinchalik lager bo‘sh. Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi kecha, 20 avgust kuni u yerda bo‘lgan 150 nafar Afg‘oniston fuqarosiga zarur yordam ko‘rsatilib, o‘z vataniga qaytarilgani haqida ma’lum qildi.
Ma’lumot o‘rnida, hozirda O‘zbekistonning janubiy qo‘shnisi Afg‘onistonda beqaror vaziyat hukm surmoqda. AQSH o‘zi qo‘shinlarini ushbu mamlakatdan olib ketishi ortidan “Tolibon” Afg‘oniston hududlarini birin-ketin egallab, joriy yilning 15 avgust kuni Qobulni qo‘lga kiritdi.
Bunday keskinlik mamlakat harbiylari va chegaradosh hududlarda yashovchi afg‘onistonliklarni qo‘shni O‘zbekiston tomonga qochishga majbur qildi. Bu esa ikki davlatni bog‘lab turuvchi Xayraton ko‘prigi hamda Surxondaryodagi o‘zbek–afg‘on chegarasida bir oz keskin vaziyatni yuzaga keltirdi.
LiveBarchasi