Surxondaryoda YPX xodimini haqorat qilgan aka-uka qamaldi
3-sahifa
−
09 iyul
5756Surxondaryoda YPX xodimini haqorat qilgan aka-uka 10 sutkaga qamaldi. Bu haqda viloyat Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati axborot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, joriy yilning 26 iyun kuni Surxondaryo viloyati Denov tumanida ikki nafar aka-uka xizmatga jalb etilgan YPX xodimining qonuniy talabini bajarmay, qasddan huquqbuzarlik sodir etgan. Ijtimoiy tarmoqlarda sizdirilgan videoda aka-ukalardan biri xodimga nisbatan qo‘pol so‘zlarni qo‘llagani tasvirlangan.
Shu kunning o‘zida olib borilgan tezkor choralar natijasida huquqbuzarlar IIBga olib kelingan va ularning harakatiga nisbatan to‘plangan hujjatlar sudga taqdim etilgan.
Sud qarori bilan aka-uka Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183- (mayda bezorilik), 194- (ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik), 135-moddalarida (yo‘l harakati qoidalarida nazarda tutilgan hujjatlari bo‘lmagan shaxslarning transport vositalarini boshqarishi) ko‘rsatilgan huquqbuzarliklarni sodir etganlikda aybli deb topilib, ularga nisbatan 10 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent shahrida ichki ishlar xodimlarini haqorat qilgan shaxsga nisbatan 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangandi.