Surxondaryoda yosh bolasini qiynagan otaga hukm o‘qildi
3-sahifa
−
01 fevral
9866Termizda yosh bolasini urib-so‘kib, unga shafqatsiz munosabatda bo‘lgan ota 10 sutkaga qamaldi. Bu haqda Surxondaryo viloyati sudlari xabar berdi.
Qayd etilishicha, jinoyat ishlari bo‘yicha Termiz shahar sudida 1981 yilda tug‘ilgan, besh nafar farzandning otasi bo‘lgan A.E.ga oid ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ish ko‘rib chiqilib, hukm o‘qilgan.
Sudning qaroriga muvofiq, A.E. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 41-moddasi (haqorat qilish) va 59-2-moddasi (oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik) 1-qismida nazarda tutilgan huquqbuzarliklarni sodir etgan deb topilib, unga MJtKning 34-moddasiga (bir necha huquqbuzarlikni sodir etganlik uchun ma’muriy jazo qo‘llanish) asosan 10 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq ijtimoiy tarmoqda ota yosh bolasini urib, unga shafqatsiz munosabatda bo‘layotgani aks etgan video tarqalgan edi.
Shundan so‘ng, mazkur holat Surxondaryo viloyati prokuraturasi tomonidan o‘rganilib, voqea Termiz shahrida sodir bo‘lgani hamda zo‘ravon otaga nisbatan qonuniy qaror qabul qilinishi va bu haqida qo‘shimcha ma’lumot berilishi aytildi.
Ma’lum qilinishicha, Termiz shahrining “Temiryo‘lchi” mahallasida yashovchi 42 yoshli erkak 2024 yil 28 yanvar kuni yashash uyida 4 yoshli o‘g‘lini qo‘pol so‘zlar bilan haqorat qilib, yengil tan jarohati yetkazgan. Bunga bolaning har kuni do‘konga olib borishini hamda turli xil shirinlik va o‘yinchoqlar olib berishini so‘ragani sabab qilib keltirilgan.
LiveBarchasi