Surxondaryoda O‘zbekiston va Rossiya harbiylari mashg‘ulotlarni boshladi
Jamiyat
−
31 iyul 2021
16562Avvalroq, Rossiya harbiy xizmatchilari Afg‘oniston bilan chegara yaqinida avgust oyi boshida bo‘lib o‘tadigan qo‘shma mashg‘ulotlarda ishtirok etish uchun O‘zbekistondagi Termiz poligoniga kelayotgani haqida xabar bergan edik.
O‘zbekiston Mudofaa vazirligi xabariga ko‘ra, “Termiz” poligonida O‘zbekiston – Rossiya Qurolli Kuchlari hamkorligida o‘tkaziladigan qo‘shma o‘quvlarda ishtirok etuvchi RF Qurolli Kuchlari Markaziy harbiy okrugi harbiy xizmatchilari Surxonaryoga yetib kelgan.
Mehmonlar Termiz xalqaro aeroportida kutib olingan. Hamkorlikdagi o‘quvlar kecha, 30 iyuldan boshlangan.
Mashg‘ulotlar davomida ikki davlat harbiylari shartli dushmanning yashirin bazalarini qidirib topish va yo‘q qilish, ular tomonidan ehtimoliy hujumlar amalga oshirilganda, uni bartaraf etish kabi vazifalarni bajarishadi.
Qayd etilishicha, 30 iyuldan 10 avgustgacha o‘tkaziladigan amaliy harakatlar davomida harbiy xizmatchilar Markaziy Osiyo mintaqasi davlatlarining hududiy yaxlitligini ta’minlash bo‘yicha jangovar tayyorgarlik vazifalarini bajaradi.
Faollashgan “Tolibon” va Afg‘onistondagi keskinlik
Afg‘onistondagi xavfsizlik bilan bog‘liq vaziyat joriy yilning aprelida AQSH Prezidenti Jo Baydenning respublikada Amerika qurolli kuchlarining operatsiyasi yakuniga yetganini e’lon qilganidan so‘ng, ancha yomonlashdi.
Joriy yilning 13 iyul holatiga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar o‘z qo‘shinlarining 95 foizidan ko‘prog‘ini Afg‘onistondan olib chiqib ketib bo‘ldi. Bu jarayon 31 avgustga qadar yakunlanishi kutilmoqda. Shtatlar kabi NATOning boshqa a’zolari ham Afg‘onistonni tark etmoqda. Jumladan, Italiya, Avstraliya va Germaniya kuchlari, allaqachon, mamlakatdan chiqib ketgan.
Xorijiy qo‘shinlarning Afg‘onistonni tark etishi fonida “Tolibon” harakati mamlakat hududlari ustidan nazoratni o‘rnatish maqsadida hujumlarni kuchaytirmoqda. Toliblarning ta’kidlashicha, ular ayni paytda Afg‘onistonning 85 foizini nazorat qilmoqda. Bundan tashqari, harakat kuchlari bir qator qo‘shni davlatlar — Turkmaniston, Tojikiston, Eron va Pokiston bilan chegarada joylashgan nazorat punktlarini ham egallab olgan. Shunday bo‘lsa-da, harakat vakillari Afg‘onistondan tashqariga chiqmasliklarini va qo‘shni davlatlarga xavf solmasliklarini qayta va qayta ta’kidlamoqda.
LiveBarchasi