Surxondaryoda soliqchiga tuzlama suvini sepgan sotuvchi ayollar jazolandi

3-sahifa

image

Ijtimoiy tarmoqlarda Surxondaryo viloyatining Uzun tumanidagi bozor atrofida salat sotayotgan sotuvchi ayollar va Soliq inspeksiyasi xodimi o‘rtasida janjal chiqqani haqida xabarlar va voqea tasvirlangan video tarqaldi. 

Videoda inspeksiya xodimi ayollardan salat solingan tog‘orani tortib olishga uringani, biroq sotuvchilar bunga qarshi chiqqani va bir tog‘ora salat yerga to‘kilib ketganini ko‘rish mumkin. Shundan so‘ng sotuvchi ayollardan biri shu atrofda turgan chelak ichidagi salat suvini coliq inspeksiyasi xodimining ustiga sepib yuboradi. 

Holat ijtimoiy tarmoqlarda qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘ldi. Surxondaryo viloyati soliq boshqarmasi tomonidan xizmat o‘rganishi tayinlandi. 

Bildirilishicha, Surxondaryo viloyati soliq boshqarmasi Shaxsiy xavfsizlik bo‘limi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan xizmat o‘rganishi natijasida mazkur holat joriy yilning 12 mart kuni Uzun tumani Bahoriston mahallasi hududida sodir bo‘lgani aniqlangan. Soliq inspeksiyasi xodimlari tomonidan savdo qilish uchun belgilanmagan joylarda noqonuniy faoliyatning oldini olishga qaratilgan tadbirlar belgilangan tartiblarga asosan o‘tkazilgan.

“Tadbir davomida mutasaddilar tomonidan ko‘p marotaba ogohlantirishlarga qaramay, qonunga zid hamda antisanitariya holatida savdo faoliyatini davom ettirib kelayotgan fuqarolar Sh.T. hamda S.T. soliq inspeksiyasi xodimi F.Ergashevning noqonuniy savdo faoliyatini rasmiylashtirish talabiga qarshilik ko‘rsatib, janjal ko‘tarishgan va davlat xizmatchisini obro‘sizlantirishga harakat qilishgan”, deyiladi soliq boshqarmasi bayonotida.

Holat yuzasidan Jinoyat ishlari bo‘yicha Uzun tumani sudining qaroriga asosan sotuvchi ayollar Sh.T. hamda S.T. ga nisbatan ma’muriy tartibda chora ko‘rilgan. Ular 1 mln 20 ming so‘m miqdorida jarimaga tortilgan.

Bundan tashqari, Surxondaryo  viloyati soliq xodimlari orasida yig‘ilish o‘tkazilib, har bir xodim davlat xizmatchisining Ichki mehnat tartib va odob-axloq qoidalari talablariga rioya qilishi yuzasidan ogohlantirilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Surxondaryo bozor Uzun

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing