Surxondaryoda safdorning pogonini yulib, uni haqoratlagan mayorga intizomiy chora qo‘llandi (video)
3-sahifa
−
12 Sentabr
16135Ijtimoiy tarmoqlarda Surxondaryo viloyati Yo‘l patrul xizmati xodimlarining o‘zaro janjallashgani aks etgan video tarqaldi. QALAMPIR.UZ holatga aniqlik kiritish maqsadida viloyat Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi matbuot xizmati bilan bog‘landi.
Bildirilishicha, safdorning pogonini yulib, uni haqorat qilgan YPXB komandirining xizmat bo‘yicha o‘rinbosari mayor Baxtiyor Izbosarovga tanbeh intizomiy chorasi qo‘llangan.
Bildirilishicha, videodagi voqea bundan bir yil oldin, ya’ni 2023 yilning 29 avgust kuni sodir bo‘lgan.
“Surxondaryo viloyati IIB JXX YHXB saf maydonida YPX xodimlari bilan o‘tkazilgan xizmatoldi yo‘riqnomasi vaqtida YPXB komandirining xizmat bo‘yicha o‘rinbosari mayor Baxtiyor Izbosarovning 1-safarbarlik guruhi inspektori safdor Jalol Abdurahmonov bilan o‘zaro tortishuv holati yuzasidan viloyat IIB mas’ullari tomonidan o‘rnatilgan tartibda xizmat tekshiruvi o‘tkazilganligini ma’lum qilamiz”, deyiladi rasmiy munosabatda.
Tarmoqlarda tarqalgan va keng muhokamalarga sabab bo‘lgan videoda Izbosarovning ichki ishlar safdor xizmatchisini haqoratlaganini ko‘rish mumkin. Bunga javoban safdor Abdurahmonov mayordan so‘kinmasligini so‘ragan. Shunda Izbosarov kelib, Jalol Abdurahmonovni yelkasi bilan itarib yuboradi. U yerdagi boshqa xodimlar ularni ajratib qo‘yadi.
Mayor unga gap qaytargan safdordan “znachok” va guvohnomasini berishini so‘raydi. Safdor xodim esa uning pogonini yulgani uchun mayor javob berishini aytadi.
Video davomida mayor Izbosarov Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 135-moddasida (Yo‘l harakati qoidalarida nazarda tutilgan hujjatlari bo‘lmagan shaxslarning transport vositalarini boshqarishi) nazarda tutilgan va boshqa qoidabuzarliklar bo‘yicha kuniga kamida 3 tadan avtomobilni jarima maydonchasiga qo‘yish kerakligi, faqat uchtadan kam bo‘lmasligi lozimligini YPX xodimlariga uqtirgan.
“Undan ziyodini qilsalaring, o‘zlaring uchun qilaveringlar, faqat 3 tadan kam bo‘lmasligi kerak. Shuning hisobiga har bir inspektor bir kun davomida eng kamida 6 ta transport vositasini jarima maydonchasiga kiritishi kerak”, degan mayor Izbosarov.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq YPX xodimlaridan qoidabuzarga voqea joyining o‘zida jarima qo‘llash vakolati olib qo‘yilishi mumkinligi haqida xabar berilgandi.
LiveBarchasi