Surxondaryoda poyezd chiptachisi yo‘lovchi ayolga tegajog‘lik qildi
3-sahifa
−
11 iyun 5778 1 daqiqa
Surxondaryo viloyatida O‘zbekiston temir yo‘llari chiptachisi yo‘lovchi ayolga shahvoniy shilqimlik qilgani uchun 5 sutkaga qamaldi. QALAMPIR.UZ sud hujjati bilan tanishdi.
Hujjatda keltirilishicha, 38 yoshli sudlanuvchi M.D. joriy yilning 1 iyun kuni soat 22:15 larda “Sariosiyo-Termiz” yo‘nalishidagi yo‘lovchi poyezdida M.X. ga nisbatan tegajog‘lik va shilqimlik qilgan.
Mazkur ish joriy yilning 9 iyun kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Sho‘rchi tuman sudida ko‘rib chiqilgan. Sud majlisida M.D. aybiga iqror bo‘lgan. Uning aytishicha, haqiqatdan ham 1 iyun kuni soat 22:15 larda “Sariosiyo-Termiz” yo‘nalishidagi yo‘lovchi poyezdida Uzun tumanida yashovchi M.X. ning belidan quchoqlab olgan va keyingi bekatda tushishini, chipta pulini ham to‘lashini aytgan. Sudda erkak qilmishidan chin ko‘ngildan pushaymonligini bildirib, qonuniy yengillik berishni so‘ragan.
Sud majlisida jabrlanuvchi M.X. ham holatni tasdiqlab, erkakka nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan. Shu tariqa, sud qarori bilan M.D. ga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 41-1 -moddasi (shahvoniy shilqimlik qilish) bilan 5 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent shahrida amaliyotchi talabalarga shahvoniy shilqimlik qilgan 32 yoshli urolog-shifokor 5 sutkaga qamalgandi.
Live
Barchasi10:42