Surxondaryoda 154 kg “gashish”ni olib o‘tayotgan “narkokurerlar“ ushlandi
3-sahifa
−
28 mart 2022
5944Surxondaryo viloyati “Ayritom” chegara bojxona postida 154 kgdan ziyod og‘irlikdagi 1 305 dona yasama “kartoshka” o‘ramlarida “gashish” giyohvandlik vositasini olib kirishga bo‘lgan urinish fosh qilindi. Bu haqda Davlat bojxona qo‘mitasi Matbuot kotibi Husan Tangriyev QALAMPIR.UZ’ga ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, Surxondaryo viloyati bojxona boshqarmasi “Ayritom” chegara bojxona postiga qo‘shni mamlakatdan kirib kelgan yuk avtotransport vositasi O‘zbekistonda tranzit tarzida harakatlanib, Andijon viloyatidagi “Do‘stlik” chegara bojxona posti orqali qo‘shni davlatga chiqib ketishi lozim bo‘lgan. Hujjatlarga ko‘ra, unga 533 ta qopda 22 tonnadan ziyod kartoshka yuklangan.
“O‘rnatilgan tartibda ushbu transport vositasi postdagi inspeksion ko‘rik majmuasi orqali ko‘zdan kechirilganida, yuklarning rentgen tasviri bojxona xodimlarini shubhalantirib qo‘ydi. Natijada, avtomashinadagi kartoshka solingan 533 ta qopning 38 tasiga 1305 dona mohirlik bilan tayyorlangan kartoshka shaklidagi o‘ramlar – giyohvandlik vositalari joylangani fosh bo‘ldi”, deyiladi xabarda.
Mazkur o‘ramlardagi “gashish” giyohvandlik vositasining umumiy og‘irligi 154 kg 90 grni tashkil qilgan. Qonunbuzarlar narkotikni yashirish maqsadida har bir o‘ramga polietilen, nusxa ko‘chirishda foydalaniladigan qora qog‘oz va germetik skotch yordamida ishlov bergan.
Xabarga ko‘ra, hozirda yuqoridagi holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
LiveBarchasi