Suriyaning muvaqqat hukumati rahbari intervyu berdi
Olam
−
12 dekabr 2024 13270 3 daqiqa
Suriyaning yangi o‘tish davri hukumati bosh vaziri Muhammad al-Bashir prezident Bashar Asad hokimiyatdan ag‘darilganidan keyin odamlarning barqarorlik va osoyishtalikdan bahramand bo‘lishi uchun vaqt kelganini aytdi. Bu haqda u “Aljazeera”ga bergan intervyusida so‘z ochdi.
Shimoli-g‘arbdagi isyonchilar ma’muriyatining sobiq rahbari Muhammad al-Bashir “Hayat Tahrir ash-Shom” va uning ittifoqchilari tomonidan 2025 yil martigacha hukumatni boshqarish topshirilganidan so‘ng Damashqda uning yangi hukumati a’zolari va Asadning sobiq vazirlar mahkamasi a’zolari ishtirokida portfel va muassasalarni topshirish masalasini muhokama qilish uchun yig‘ilish o‘tkazilgan.
Shu haftagacha Muhammad al-Bashir Idlib va Halabning shimoli-g‘arbiy viloyatlarida “Hayat Tahrir ash-Shom” hukmronlik qiladigan hududlardan tashqarida kam tanilgan. O‘zi taqdim etgan ma’lumotlarga ko‘ra, u 2011 yilda fuqarolar urushi boshlanishidan oldin elektr muhandisi sifatida o‘qigan va gaz zavodlarida ishlagan. Yanvar oyida Bashir “Hayat Tahrir ash-Shom” o‘z nazorati ostidagi hududni boshqarish uchun tashkil etgan “Suriya qutqaruv hukumati” (SG) bosh vaziri etib tayinlangan.
SG vazirliklar, mahalliy idoralar, adliya va xavfsizlik organlaridan iborat davlat sifatida ishlagan, shu bilan birga islom qonunlari asosidagi diniy kengashni saqlab qolgan.
“Bugun vazirlar mahkamasi yig‘ilishini o‘tkazdik va biz Suriya xalqiga xizmat qila oladigan konstitutsiyaviy tizimga ega bo‘lgunimizga qadar keyingi ikki oy mobaynidagi ishni osonlashtirish uchun eski hukumat a’zolarini hamda Idlib va uning atrofidagi hududlar ma’muriyatining ayrim rahbarlarini taklif qildik”, degan al-Bashir telekanal bilan suhbatda.
Suriyaning yangi o‘tish davri bosh vaziri Muhammad al-Bashirning aytishicha, uning birinchi maqsadlaridan biri chet eldagi millionlab suriyalik qochqinlarni qaytarishdir. Shuningdek, u mamlakatdagi barcha mashhur qamoqxonalar yopilishini aytgan.
Ayni paytda poytaxt Damashqda ikki kunlik yopilishdan so‘ng hayot asta-sekin normal holatga qaytgandek ko‘rinmoqda. Ko‘chalarda ko‘plab piyodalar va mashinalar harakatlana boshladi, ba’zi do‘kon va restoranlar ochiq.
Isroil harbiylari so‘nggi 48 soat ichida Suriya bo‘ylab qurol-yarog‘ zaxiralari, harbiy-dengiz kuchlari ob’ektlari va aeroportlarni nishonga olib, yuzlab zarbalar berganini aytdi. BBC'ning yozishicha, suriyaliklar Isroilning Asad rejimi qulashi bilan boshlangan aviazarbalaridan norozi. U yerdagi musulmon ulamoning aytishicha, suriyaliklar kelajakka ko‘z tikib, tinch va birdam mamlakat bo‘lishini xohlaydi.
“Biz millatchilik, adolat va qonun ustuvorligi tamoyillari asosida qurilgan, institutlar hurmat qilinadigan va hamma uchun teng imkoniyatlar kafolatlangan texnokratik davlat barpo etmoqchimiz”, degan ulamolardan biri Shayx Abdul Rahmon al-Koukiy.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Muhammad al-Bashir o‘zining Suriya muvaqqat hukumatining rahbari etib tayinlanganini e’lon qilgandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu qaror 10 dekabr kuni qurolli qarshilik rahbariyati, “Qutqaruv hukumati” vakillari va eski hukumatning ba’zi a’zolari ishtirokidagi uchrashuvda qabul qilingan.
Ma’lumot uchun, al-Bashir ta’lim olgan sohasi bo‘yicha muhandis va yurist. U “Suriya qutqaruv hukumati” rahbari hisoblanadi. Shuningdek, al-Bashir “Hayat Tahrir ash-Shom” guruhi yetakchisi Abu Muhammad al-Jaloniyning yaqin hamkori hisoblanadi.
Live
Barchasi