Suriyani tiklash uchun qancha mablag‘ kerakligi aytildi
Olam
−
21 Oktabr 2025 8052 2 daqiqa
Jahon banki fuqarolar urushi ortidan Suriyani to‘liq tiklash uchun zarur bo‘lgan xarajatlarni 216 milliard dollar deb baholadi. Bu haqdagi hisobot bankning rasmiy saytida e’lon qilindi.
Hisobot 2011-2024 yillar oralig‘idagi ma’lumotlarga asoslangan bo‘lib, unda urush oqibatida Suriyaning urushdan avvalgi jami kapitalining qariyb uchdan bir qismi yo‘qotilgani qayd etilgan. Infratuzilma, turar va noturar binolarga yetkazilgan to‘g‘ridan to‘g‘ri moddiy zarar 108 milliard dollar deb baholangan.
Eng ko‘p zarar ko‘rgan soha – infratuzilma, unga jami zararning 48 foizi (ya’ni 52 milliard dollar) to‘g‘ri kelgan. Umuman olganda, yo‘qotilgan va shikastlangan aktivlarning umumiy qiymati 140 milliarddan 345 milliard dollargacha deb baholangan bo‘lib, 216 milliard dollar eng konservativ (ehtiyotkor) hisob-kitob sifatida keltirilgan.
Eng katta vayronagarchiliklar Halab (Aleppo) viloyati va Damashq atrofidagi qishloq hududlarida qayd etilgan – bu hududlarda urushning dastlabki yillarida eng shiddatli janglar bo‘lib o‘tgan.
Jahon bankining ma’lumotiga ko‘ra, Suriyani tiklash uchun zarur xarajatlar 2024 yildagi mamlakat YAIMdan o‘n baravar ko‘pni tashkil etadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Birlashgan Millatlar Tashkiloti taraqqiyot dasturining (UNDP) Falastin xalqiga yordam bo‘yicha rahbari Yako Silliyers Jenevada bo‘lib o‘tgan brifingda G‘azo sektorini qayta qurish uchun 70 milliard dollar mablag‘ kerak bo‘lishini aytgan edi.
Live
Barchasi