Suriyadan chiqarilgan AQSH askarlari Iroqqa tashlanadi
Olam
−
20 Oktabr 2019
5617Suriya shimoli-sharqidagi AQSH harbiylarining 1000 nafari Iroqda ISHIDga qarshi kurashish uchun tashlanadi. Bu haqda Amerika Mudofaa vaziri Mark Esper ma’lum qildi.
“AQSH askarlarini Suriya shimoli-sharqidan olib ketish davom etyapti. Biz kunlar haqida emas, haftalar haqida aytyapmiz. Amaldagi reja ularni Iroq g‘arbiga ko‘chirishdan iborat”, degan Esper.
Pentagonning yuqori martabali vakilining so‘zlariga ko‘ra, vaziyat beqaror va rejalarda o‘zgarish bo‘lishi mumkin. Shu bilan birga AQSH Suriyadagi ISHID terrorchilariga zarba berish uchun Iroq hududidan foydalanadimi yo‘qmi, bu hamon noma’lum.
Eslatib o‘tamiz, Turkiya joriy yilning 9 oktyabr kuni Suriya shimolida “Tinchlik bulog‘i” harbiy operatsiyasini boshladi. Harbiy amaliyot kurd harbiy tuzilmalariga qaratilgan. Biroq mazkur amaliyot Suriyada yangi qochqinlar oqimini yuzaga keltirdi.
Suriya Hukumati Turkiya hujumlarining beshinchi kunida ularga qarshilik ko‘rsatishga qaror qildi. Suriya qo‘shinlari Halabdan shimolroqdagi Manbijga юборилди.
13 oktyabr kuni AQSH minga yaqin askarini Suriya shimoli-sharqidan ko‘chirishini ma’lum qildi.
Donald Tramp “Tinchlik bulog‘i” operatsiyasi boshlanishidan bir necha kun oldin Turkiya Suriyaga qarshi harbiy harakat boshlasa mamlakat iqtisodini vayron qilish bilan tahdid qilgandi. 15 oktyabr kuni esa AQSH Turkiyani o‘z maqsadidan voz kechishga ko‘ndirish uchun unga qarshi sanksiyalar joriy qildi.
17 oktyabr kunida AQSH va Turkiya Suriyada o‘q otishni to‘xtatishga kelishib oldi. Kelishuv 120 soatga mo‘ljallangan va u kurdlarga bufer hududni tark etish uchun berildi.