Suriyadagi janglarda mingga yaqin odam halok bo‘ldi

Olam

image

Suriya janubidagi Suvayda viloyatidagi qurolli to‘qnashuvlar oqibatida 940 kishi halok bo‘ldi. Bu haqda mintaqadagi tibbiy muassasalarga tayanib, “24 News HD” xabar berdi.

Telekanal bergan ma’lumotlarga ko‘ra, 13 iyuldan beri davom etayotgan to‘qnashuv qurbonlari orasida 262 nafar tinch aholi vakillari, jumladan ayollar va bolalar ham bor. Druz tog‘liklarining o‘zini o‘zi himoya qilish kuchlari safida 326 kishi halok bo‘lgan. Damashqdan janubiy hududlarga barqarorlikni tiklash maqsadida yuborilgan Ichki ishlar va Mudofaa vazirligi maxsus bo‘linmalari tarkibidagi 312 nafar harbiy xizmatchi ham halok bo‘lgan. Hukumatparast arab qabilalari militsiyasi 21 nafar jangchisini yo‘qotgan, Ichki xavfsizlik kuchlari esa Isroil havo hujumlari oqibatida 19 xodimini yo‘qotgan.

Bugun, 19 iyul kuni esa Suriyaning muvaqqat prezidenti Ahmad ash-Shara xalqaro vositachilar ishtirokida ishlab chiqilgan kelishuv rejasi asosida Suvayda viloyatida otashkesim e’lon qilinganini ma’lum qilgan. Druzlar jamoasi va arab qabilalari sardorlari bu sulhni qo‘llab-quvvatladi.

Suriya Ichki ishlar vazirligi rasmiy vakili Nuriddin al-Baba bergan bayonotga ko‘ra, Ichki xavfsizlik kuchlarining maxsus bo‘linmalari Suvaydada joylashtirila boshlagan.

“Bizning asosiy vazifamiz tinch aholining xavfsizligini ta’minlash va tartibsizliklarga barham berish”, degan u.

Suriyadagi janglar

13 iyul kuni Suriyaning janubidagi Suvayda viloyatida druzlar va badaviylar o‘rtasida to‘qnashuvlar boshlandi. Mojaroga bir druz savdogarining kaltaklanib, o‘g‘irlab ketilishi sabab bo‘ldi. Bu voqea zo‘ravonlik avj olishiga olib keldi. 14 iyul kuni Suriya hukumati Suvayda shahriga qo‘shin kiritdi.

Shundan so‘ng, mojaroga Isroil ham aralashib, Damashqdagi Suriya harbiy ob’ektlariga havo hujumlari uyushtirdi. 16 iyul kuni Isroil harbiy-havo kuchlari Damashqdagi Prezident saroyi, Bosh shtab va Mudofaa vazirligiga hujum qildi. Shu kuni mahalliy guruhlar vositachiligida Suvaydada yana sulhga erishildi, biroq bunga parallel ravishda Isroil aviatsiyasi poytaxt va Daraa shahriga zarbalar berdi.

Ma’lumot uchun, druzlar o‘ziga xos arab tilida so‘zlashuvchi etno-konfessiyaviy guruh bo‘lib, ularning vakillari Suriya, Livan, Isroil va Iordaniyada yashaydi. Suriyada 700 ming druz istiqomat qiladi, bu ularni kurdlar va alaviylardan keyin mamlakatdagi uchinchi yirik diniy va etnik ozchilik qiladi.


Maqola muallifi

Teglar

Suriya Ahmad ash-Shara Suvayda Druz

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing