Suriyada yana qon to‘kilmoqda. Yuzlab tinch aholi halok bo‘ldi
Olam
−
08 mart 2025 8331 2 daqiqa
Suriya xavfsizlik kuchlari va ularning ittifoqchilari 6 martdan beri rasmiylar va sobiq prezident Bashar Asad hukumatiga sodiq jangarilar o‘rtasidagi to‘qnashuvlarda mamlakatdagi alaviy ozchilikka mansub 311 nafar tinch aholini o‘ldirgan. Bu haqda bugun, 8 mart kuni qarorgohi Buyuk Britaniyada joylashgan Suriya Inson huquqlari bo‘yicha observatoriyasi (SOHR) ma’lum qildi.
AFP agentligi va “France 24” kanalining xabar qilishicha, amaldagi hokimiyatning bunday harakati hokimiyatdan ag‘darilgan Asad rejimi tarafdorlari tomonidan amalga oshirilgan hujumlardan kelib chiqqan.
Qayd etilishicha, “Hayat Tahrir ash-Shom” boshchiligidagi kuchlar 2024 yil dekabrida Suriyada yashin hujumida Asadni ag‘darib, hokimiyatni qo‘lga kiritganidan beri ular Asad urug‘iga mansub alaviy ozchilik vakillarining muntazam va zo‘ravon hujumlariga duch kelishdi.
6 mart kuni Suriyaning yangi hukumati etnik guruhning O‘rtayer dengizidagi markazida yirik qarshi operatsiya boshladi. SOHR'ga ko‘ra, tinch aholi xavfsizlik kuchlari yoki hukumatparast jangchilar tomonidan “uylar va mulklarni talon-toroj qilish” bilan birga amalga oshirilgan “qatl”larda o‘ldirilgan.
“Jabrlanganlarning aksariyati mudofaa va ichki ishlar vazirliklariga aloqador shaxslar tomonidan sudsiz va tergovsiz qatl etilgan. Halok bo‘lganlar orasida ayollar va bolalar ham bor”, deydi kuzatuvchilar.
Hisobotda aytilishicha, qurbonlar soni 524 kishiga yetgan, jumladan, yangi hukumat xavfsizlik kuchlarining 93 nafar a’zosi va Asadga sodiq 120 askar bor.
Suriyaning SANA davlat axborot agentligi bugun, 8 mart kuni erta tongda “ag‘darilgan Asad rejimining qoldiqlari” qirg‘oq bo‘yidagi Latakiya shahridagi milliy shifoxonaga hujum uyushtirgani haqida xabar berib, “umumiy xavfsizlik kuchlari hujumni qaytarmoqda” deya qo‘shimcha qildi.
Suriya muvaqqat prezidenti Ahmad ash-Shara o‘z murojaatida isyonchilarni “kech bo‘lmasdan turib qurollarini tashlab, taslim bo‘lishga” chaqirdi.
“Siz barcha suriyaliklarga hujum qildingiz va kechirilmas xatoga yo‘l qo‘ydingiz. Buning ortidan qarshi hujum ham keldi va siz qarshilik qila olmadingiz”, dedi u.
Suriya yangi hukumati xavfsizlik xizmati vakili qirg‘oq bo‘yidagi Latakiya va Tartus viloyatlari shaharlari, qishloqlari va tog‘larida “xavfsizlikni tiklash” bo‘yicha boshlangan operatsiya “Asad jangarilari qoldiqlari va ularni qo‘llab-quvvatlayotganlarga qarshi qaratilgan”ini aytdi va mahalliy aholini “uylarida qolish”ga chaqirdi.
Asad qabilasining tayanchi hisoblangan va alaviylar jamoasining salmoqli qismi istiqomat qiladigan Latakiya viloyatida, shuningdek, Tartus va Xomsda komendantlik soati e’lon qilingan.
“Damashq va boshqa viloyatlardan Latakiya va Tartusga qo‘shimcha kuchlar yuborildi”, deya xabar beradi Mudofaa vazirligi.
Live
Barchasi