Suriyada Asad tarafdorlari yana isyon ko‘tarishga urindi
Olam
−
17 aprel 4435 2 daqiqa
Suriyada hokimiyatdan ag‘darilgan Bashar Asad rejimi zobitlari boshchiligida davlat to‘ntarishiga urinish sodir bo‘ldi. Bu haqda Suriya ichki ishlar vazirligiga tayanib, SANA xabar berdi.
Vazirlik bayonotiga ko‘ra, Suriya maxsus xizmatlari mamlakatda davlat to‘ntarishi tayyorlanayotganini fosh etib, uning oldini olishga muvaffaq bo‘lgan. Unga Suriyaning sobiq armiyasi zobitlari boshchilik qilgan.
“Biz avvalgi davrda qolib ketgan ag‘darilgan rejim zobitlari tomonidan tayyorlangan to‘ntarish rejasini puchga chiqardik. Bu bizning qurolli kuchlarimiz va xalqimizning sa’y-harakatlari natijasida amalga oshdi”, dedi Ichki ishlar vaziri Anas Hattob.
U to‘ntarish aynan qachon rejalashtirilgani haqida batafsil ma’lumot bermagan.
Mamlakat tashqi ishlar vazirligiga ko‘ra, ushbu fitnaning oldi olinganidan so‘ng hukumat jinoyatchilarni jazolash bo‘yicha maxsus departament tashkil qilishga qaror qilgan. Ushbu tuzilma boshqa xavfsizlik xizmatlari bilan muvofiqlikni kuchaytirish orqali faoliyat yuritadi. Bu chora-tadbirlar xavfsizlik va barqarorlikni mustahkamlash maqsadida ko‘rilmoqda.
Ma’lumot uchun, joriy yilning mart oyida Suriya mudofaa vazirligi Bashar Asad tarafdorlari tomonidan yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan tahdidlarni bartaraf etish rejasini ishlab chiqqani haqida xabar bergandi. Bu rejalar Suriya hukumati kuchlari bilan muxolifat guruhlar tomonidan ag‘darilgan Bashar Asadga mansub alaviylar o‘rtasida mamlakatning dengizbo‘yi hududlarida yuz bergan to‘qnashuvlardan so‘ng e’lon qilingandi.
Eslatib o‘tamiz, 6 mart kuni Latakiyaning Jableh hududida Bashar Asadning hokimiyatdan ag‘darilgan rejimi tarafdorlari tomonidan uyushtirilgan hujumda Suriya xavfsizlik kuchlarining kamida 11 xodimi halok bo‘lgandi. Buning ortidan rasmiylar Latakiya va Tartus viloyatlariga yuzlab harbiy texnika, jumladan, tanklar, bronetransportyorlar va bir nechta raketa tizimlarini yuborgan. Mintaqada ag‘darilgan rejim tarafdorlarini qo‘lga olish uchun operatsiya boshlangan. Operatsiya davomida kamida 50 nafar xavfsizlik kuchlari halok bo‘lgan.
Live
Barchasi