Suriya va Rossiya Idlibga havo hujumi uyushtirdi – “Reuters”
Olam
−
02 dekabr 2024 7275 2 daqiqa
Suriya hukumati va Rossiya tomonidan amalga oshirilgan havo hujumlari oqibatida Suriya shimoli-g‘arbida kamida 25 kishi halok bo‘ldi. Bu haqda "Oq dubulg‘alar" nomi bilan tanilgan Suriya muxolifati qutqaruv kuchlariga tayanib, "Reuters" xabar berdi.
Qayd etilishicha, Prezident Bashar Asad Halab shahriga bostirib kirgan isyonchilarni tor-mor etishga va’da bergan bir paytda kecha, 1 dekabr kuni Rossiya va Suriya samolyotlari Suriya shimolidagi isyonchilar nazoratidagi Idlib shahriga zarba bergan.
Shuningdek, armiya so‘nggi kunlarda isyonchilar qo‘lga kiritgan bir qancha shaharlarni qaytarib olgani aytilmoqda. Aholining aytishicha, bir hujum Turkiya chegarasi yaqinidagi isyonchilar anklavidagi eng yirik shahar bo‘lgan Idlib markazidagi aholi zich joylashgan turarjoy hududiga qilingan.
Voqea joyidagi qutqaruvchilarning aytishicha, kamida yetti kishi halok bo‘lgan, o‘nlab kishilar jarohatlangan. Suriya armiyasi va uning ittifoqchisi Rossiya isyonchilar boshpanalarini nishonga olayotganini aytadi va tinch aholiga hujum qilishni rad etadi.
"1 dekabr kuni Idlib va uning atrofidagi va isyonchilar nazorati ostidagi Halab yaqinidagi boshqa nishonlarga berilgan havo hujumlarida 10 nafar bola halok bo‘ldi", dedi “Oq dubulg‘alar”.
Ularning iddao qilishicha, 27 noyabrdan beri Suriya va Rossiyaning zarbalari oqibatida qurbon bo‘lganlarning umumiy soni 56 nafarga yetgan, ulardan 20 nafari bolalar.
Qo‘zg‘olonchilar AQSH, Rossiya, Turkiya va boshqalar tomonidan terrorchi tashkilot deb topilgan "Hayat Tahrir ash-Shom" guruhi koalitsiyasidir.
So‘nggi bir necha kun ichida isyonchilar butun Idlib viloyati ustidan nazoratni qo‘lga kiritdi.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Suriyadagi isyonchi kuchlar mamlakatning ikkinchi yirik shahri Halabdagi bir nechta hududlarni o‘z nazoratiga olgandi.
Live
Barchasi