Suriya va Iroq AQSHning zarbalarini qoraladi

Olam

image

Suriya va Iroq o‘z hududlarida Amerika Qo‘shma Shtatlari tomonidan Eronga aloqador kuchlarga berilgan zarbalarni qoraladi. Bu haqda ikki davlat rasmiylari chiqish qildi. 

Dastlab Iroq Qurolli kuchlari matbuot kotibi Yahyo Rasul milliy televideniye orqali AQSH zarbalarini “mamlakat suverenitetining buzilishi” deb atadi. 

“AQSHning harakatlari Iroq hukumatining sa’y-harakatlariga putur yetkazadi hamda Iroq va butun mintaqa uchun dahshatli oqibatlarga olib kelishi mumkin bo‘lgan xavf tug‘diradi. Natijalar Iroq va mintaqa xavfsizligi va barqarorligi uchun jiddiy oqibatlarga olib keladi", deydi Yahyo Rasul.

O‘z navbatida, AQSH ma’muriyati vakili Jon Kirbi Vashington Iroq hukumatini Vashingtonning zarbalar berish rejalari haqida xabardor qilganini aytgan.

Suriya Tashqi ishlar vazirligi esa AQSHning o‘z hududiga bergan zarbalarini hujum sifatida qoralab, uni oqlaydigan barcha bahona va yolg‘onlarni qat’iyan rad etishini bildirdi.

Shuningdek, Suriya Mudofaa vazirligi tinch aholi va harbiy xizmatchilar AQSH harbiy-havo kuchlarining Suriya sharqiga bergan zarbalari qurboni bo‘lganini ma’lum qildi. 

“Havo hujumlari oqibatida bir qancha tinch aholi va harbiy xizmatchilar halok bo‘lgan, jarohatlangan, davlat va xususiy mulkka katta zarar yetkazilgan”, deyiladi vazirlik bayonotida.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar Suriya sharqidagi Dayr-az-Zor viloyatida joylashgan eronparast kuchlar pozitsiyalariga to‘rtta hujum uyushtirgan. Al-Mayadin cho‘l mintaqasi va Iroq bilan chegaraga yaqin Bu-Kamol shahri sharqida harbiylashtirilgan guruhlarning nishonlari bombardimon qilingan. AQSH harbiy-havo kuchlari Iroq hududidagi chegaradagi Al-Qoim shahri yaqinidagi eronparast qo‘shinlar nishonlariga ham hujum qilgan.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq AQSH Markaziy qo‘mondonligi 85 dan ortiq nishonga zarba bergan va bu havo hujumlari Eron inqilobi qo‘riqchilari korpusiga tegishli “Al-Quds” maxsus kuchlari va unga aloqador guruhlarga qarshi qaratilganini bildirgandi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Suriya Eron Iroq

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing