Suriya armiyasi SDK nazoratidagi hududlarni egalladi
Olam
−
19 yanvar 3472 5 daqiqa
17 yanvar kuni Suriyaning muvaqqat hukumati qo‘shinlari Suriya Demokratik kuchlari (SDK) nazoratida bo‘lgan, mamlakat shimoli-sharqidagi bir qator hududlar va muhim ob’ektlarni egalladi. Bu haqda o‘z manbalariga tayanib, “Reuters” agentligi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, o‘tish davri askarlari Aleppo shahridan sharqda joylashgan, ilgari kurd qurolli tuzilmalari nazoratida bo‘lgan hududlarga kirib borgan va ularni egallagan.
Hukumat qo‘shinlari Aleppodan taxminan 50 kilometr uzoqlikda joylashgan Dayr-Hafir shahriga kiraverishda ko‘ringan.
16 yanvar kuni Suriya demokratik kuchlari Furot daryosining sharqiy sohiliga chekinishini e’lon qilgan edi. Bunga AQSH vakillari bilan o‘tkazilgan muzokaralar hamda o‘tish davri prezidenti Ahmad ash-Sharaning kurd tiliga davlat tili maqomini berish haqidagi va’dasi sabab bo‘lgan. O‘tgan hafta Suriya Demokratik kuchlari va hukumat qo‘shinlari o‘rtasida to‘qnashuvlar yuz bergach, AQSH vaziyatga aralashgan edi.
Suriya davlat axborot agentligi SANA Suriya armiyasi Dayr-Hafir shahri ustidan “to‘liq harbiy nazorat” o‘rnatilganini ma’lum qilgan. Bu Furotning g‘arbiy qismidagi hududlarni mustahkamlash bo‘yicha o‘tkazilgan operatsiya doirasida amalga oshirilgan.
Fuqarolar hudud minalar va boshqa jangovar harakatlar oqibatlaridan to‘liq tozalanmaguncha u yerga bormaslikka chaqirilgan. Hozirda ushbu hududlarda bo‘lib turgan aholiga esa evakuatsiya qilish tavsiya etilgan. Suriya hukumati ma’lumotlariga ko‘ra, kamida 4 ming kishi haqiqatdan ham mazkur hududni tark etgan.
AQSH tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgan SDK yetakchisi Mazlum Abdi do‘st davlatlar va vositachilarning chaqiriqlariga javoban Suriya demokratik kuchlarini Furot daryosining sharqidagi qayta joylashtirish hududlariga olib chiqishga rozi bo‘lganini ma’lum qilgan.
Qo‘shinlarni olib chiqish boshlanishidan bir kun oldin, muvaqqat prezident ash-Sharaa kurd tiliga davlat tili maqomini berish hamda Navro‘zni davlat bayrami sifatida e’lon qilish haqidagi farmonni imzolagan.
Ushbu farmon Suriya 1946 yilda mustaqillikka erishganidan beri kurd xalqining huquqlarini birinchi marta rasmiy tan olish bo‘lgan. Hujjatda kurdlar Suriyaning eng muhim va ajralmas qismi ekani qayd etilgan, holbuki avvalgi tuzumlar davrida ular o‘nlab yillar davomida kamsitilib kelgan.
Biroq, Suriyaning shimoliy va shimoli-sharqiy hududlarini nazorat qilayotgan SDK avtonomiyasi bilan markaziy hokimiyat o‘rtasidagi kelishmovchiliklar hanuz saqlanib qolmoqda. Ash-Sharaning farmoniga javoban kurd rahbariyati bu hujjatni faqat birinchi qadam deb atagan va vaqtinchalik farmon xalq irodasini ifoda etuvchi doimiy konstitutsiya bilan mustahkamlanishi kerakligini ta’kidlagan.
Har ikki tomon bir-birini kelishuv shartlarini buzishda ayblamoqda. Suriya armiyasi SDK ikki nafar harbiyni o‘ldirganini da’vo qilsa, Suriya demokratik kuchlari hukumat qo‘shinlari kelishuvga zid ravishda pozitsiyalarga muddatidan avval kirib kelganini bildirmoqda.
Suriyaning shimoli va shimoli-sharqiy hududlari neft zaxiralariga boy hisoblanadi. Kurd kuchlari ushbu hududlar ustidan nazoratni fuqarolar urushi hamda ISHIDga qarshi kurash yillarida o‘rnatgan edi.
2024 yil dekabr oyida Bashar Asad hokimiyatdan ag‘darilganidan so‘ng yangi prezident Ash-Shara Suriya Demokratik kuchlari qurolli tuzilmalari va boshqaruv organlarini Suriya davlat tuzilmalariga integratsiya qilish niyatini bildirgan. 2025 yil mart oyida Suriya Demokratik kuchlari va o‘tish davri hukumati o‘rtasida tegishli kelishuv imzolangan edi. Biroq, oradan qariyb bir yil o‘tganiga qaramay, bu kelishuv hanuz to‘liq bajarilmagan va tomonlar o‘zaro bir-birini kelishuvni buzishda ayblashda davom etmoqda.
Bugun, 19 yanvar kuni tarqalga xabarlarga ko‘ra, Suriya muvaqqat hukumati kurdlar boshchiligidagi Suriya demokratik kuchlari bilan butun mamlakat bo‘ylab darhol o‘t ochishni to‘xtatish kelishuviga erishilganini e’lon qilgan va shu orqali mamlakat ustidan deyarli to‘liq nazoratni qo‘lga olgan.
Mazkur sulh deyarli ikki hafta davom etgan janglarga yakun yasaydi hamda 14 banddan iborat kengroq kelishuvning bir qismi hisoblanadi. Ushbu kelishuv Suriya demokratik kuchlarini Suriya armiyasi va davlat institutlariga integratsiya qilishni nazarda tutadi.
Damashqda nutq so‘zlagan Suriya muvaqqat prezidenti Ahmad ash-Shara kelishuv mamlakat davlat institutlariga uchta sharqiy va shimoliy viloyatlar – Hasaka, Dayr-az-Zor va Raqqa ustidan nazoratni qayta tiklash imkonini berishini ma’lum qildi.
Bu bayonot ash-Sharaning Damashqda AQSHning Suriya bo‘yicha maxsus vakili Tom Barrak bilan uchrashuvidan so‘ng e’lon qilindi. Barrak kelishuvni yagona Suriya sari tashlangan qadam sifatida yuqori baholagan.
Kutilishicha, Suriya demokratik kuchlari qo‘mondoni Mazlum Abdi ham ushbu uchrashuvda ishtirok etishi kerak edi, biroq uning tashrifi qoldirilgan. Ash-Shara va Abdi tomonidan imzolangan kelishuvga muvofiq, Suriya hukumati fuqarolik muassasalari, chegara o‘tish punktlari hamda neft-gaz konlarini boshqarishni o‘z zimmasiga oladi.
Suriya demokratik kuchlarining harbiy xizmatchilari va xavfsizlik xodimlari Suriya mudofaa va ichki ishlar vazirliklari tarkibiga kiritiladi, Damashq esa qamoqxonalar va hibs lagerlari uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga oladi. Mazkur lagerlarda ISHID guruhi tarkibida bo‘lgan o‘n minglab xorijiy jangchilar hamda ularning oila a’zolari saqlanmoqda.
Ma’lumot uchun, Suriya demokratik kuchlari 2015 yilda, Suriya fuqarolar urushi davom etayotgan bir paytda tashkil etilgan. 2011 yildan boshlab Suriyada urush avj olgach, hukumat qo‘shinlari mamlakatning shimoliy va shimoli-sharqiy hududlaridan chiqib ketdi. Bu hududlarda asosan kurd aholisi yashar edi. Bo‘sh qolgan hududlarga ISHID kabi ekstremistik guruhlar kirib kelishi xavfi kuchaygach, mahalliy aholi o‘zini himoya qilish uchun qurolli tuzilmalar tuzishga majbur bo‘ldi. Ana shu jarayon natijasida turli guruhlarni birlashtirgan Suriya demokratik kuchlari (SDK) paydo bo‘ldi. SDK faqat kurdlardan iborat tuzilma emas. U koalitsion harbiy kuch bo‘lib, tarkibiga kurdlar bilan birga arablar, assiriylar va boshqa mahalliy etnik guruhlar ham kiradi. Shunga qaramay, uning asosiy tayanchini kurdlarning YPG (Xalqni himoya qilish otryadlari) va YPJ (ayollar harbiy otryadlari) tashkil etadi. Shu sababli SDK ko‘pincha kurdlar boshchiligidagi koalitsiya deb ataladi.
SDKning rasmiy maqsadi ISHID va boshqa radikal guruhlarga qarshi kurashish, Suriya shimoli va sharqidagi hududlarda xavfsizlikni ta’minlash hamda mahalliy aholining o‘zini o‘zi boshqarish tizimini saqlab qolishdan iborat bo‘lgan. Ular nazorat qilgan hududlar “Shimoliy va Sharqiy Suriya avtonom ma’muriyati”, deb ataladi. Biroq, Suriya markaziy hukumati bu tuzilmani mustaqil harbiy kuch sifatida qabul qilmaydi va SDKni mamlakat qurolli kuchlari tarkibiga qo‘shishni talab qilib keladi. AQSH esa mintaqada ISHIDga qarshi kurashni davom ettirish uchun SDK bilan hamkorlikni muhim deb hisoblaydi. Turkiya, AQSH va kurd kuchlari o‘rtasidagi eng murakkab siyosiy ziddiyatlardan biri bo‘lib qolmoqda.