Murad buildings, SHAFFOF, KUKMARA. Kim qancha xayriya qildi?
Jamiyat
−
04 aprel 2020
17630Xabaringiz bor, O‘zbekistonda koronavirus xavfini va u tufayli aholi zarar ko‘rishining oldini olish maqsadida Homiylik xayriyalarini muvofiqlashtirish markazlari tajribasi joriy qilindi.
“O‘zekspomarkaz” binosida joylashgan Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi qoshida tashkil etilgan Homiylik xayriyalarini muvofiqlashtirish markaziga har kuni homiy tashkilotlar va saxovatpesha insonlar tomonidan xayriya mahsulotlari kelishi davom etmoqda. Ushbu xayriya mahsulotlari va ijtimoiy yordamlar o‘z vaqtida ehtiyojmand oilalarga yetkazilmoqda. Bu haqda Adliya vazirligi Matbuot xizmati QALAMPIR.UZ’ga xabar berdi.
Aytish lozimki, bugungi kunga qadar 20 dan ortiq ana shunday saxovatpesha tashkilot xayriya ishlarini amalga oshirgan. Bular:
• “Murad buildings” kompaniyasi – 550 ta 10 turdagi oziq-ovqat mahsulotlaridan iborat jamlanma,
• “Paxta neft bazasi” MCHJ – 9 996 tonna yog‘
• “KUKMARA” MCHJ – 504 tonna yog‘,
• “GLOBO EXPORT COMPONE” MCHJ – 210 kg fasol,
• “Tadbirkor” xususiy korxonasi – 2 tonna un va 3 tonna sabzi,
• “XADRA MARKET” MCHJ – 7 200 ta tuxum,
• Sergeli tuman Majburiy ijro byurosi –1 200 ta tuxum, 80 kg makaron, 80 kg guruch, 80 kg shakar, 40 kg gorox, 40 litr yog‘ mahsuloti va 40 ta tovuq,
• “Chortoq” MCHJ –26 520 dona ichimlik suvi
• “SHAFFOF” xususiy korxonasi –1 000 dona ichimlik suvi
• “BEST AShANS DVP” – 888 dona turli nomdagi suv (cola, fanta, bonaqua) mahsulotlari yetkazib bergan.
Shuningdek, “MEBEL HOUSE” MCHJ tomonidan 480 ta bolalar ozuqasi, 400 ta bolalar tagligi (pampers), “Keles farovon” MCHJ tomonidan 1 500 ta kosa, tarelka va piyola, 100 ta choynak taqdim etilgan.
Aholining ehtiyojmand qatlamini dori-darmon va gigiyena vositalari bilan ta’minlash maqsadida turli homiy tashkilotlar tomonidan 32 turdagi, jumladan, “Sog‘lom avlod” jamg‘armasi tomonidan 5 turdagi jami 18 000 ta dori vositasi, “HAVOQAND PEOPLE” MCHJ tomonidan 10 000 ta va Uchtepa tuman hokimiyati tomonidan 5 000 ta tibbiyot niqobi, “GREEN CITY va BIZNING UYLAR” kompaniyasi tomonidan 10 000 ta tibbiyot niqobi va 3 950 ta antiseptik vositasi, “AVERC” xususiy korxonasi tomonidan 1 500 ta gigiyena vositasi keltirilgan.
Ma’lum bo‘lishicha, mazkur ijtimoiy yordam mahsulotlari, birinchi navbatda, kam ta’minlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar, keksalar va nuroniylar, doimiy ish bilan band bo‘lmagan aholi vakillariga mahalla xodimlari va volontyorlar hamkorligida muntazam yetkazib turilmoqda.
Bugun, 4 aprel kuni jami 979 ta ijtimoiy himoyaga muhtoj, kam ta’minlangan oilalar, nogironlar ro‘yxatlari shakllantirilgan, xususan:
• Bektemir tumanida 55 ta,
• Mirobod tumanida 62 ta,
• Olmazor tumanida 104 ta,
• Sergeli tumanida 73 ta,
• Uchtepa tumanida 80 ta,
• Shayxontohur tumanida 112 ta,
• Chilonzor tumanida 44 ta,
• Mirzo Ulug‘bek tumanida 137 ta,
• Yunusobod tumanida 180 ta,
• Yashnobod tumanida 82 ta,
• Yakkasaroy tumanida 50 ta.
Bu oilalarga mahsulotlar “O‘zbekiston pochtasi” AJ tomonidan tashkil etilgan avtomashinalarda yetkazilgan. Bunda shu kunga qadar qabul qilingan mahsulotlar hisobidan har bir oilaga 2 dona o‘simlik yog‘i, 2 kg guruch, 1 kg shakar, 2 kg un, 3 kg kartoshka, 2 kg piyoz, 2 kg makaron tarqatilgan.
Shuningdek, bugunning o‘zida “Chortoq” MCHJ tomonidan berilgan mineral suvlarning 17 340 donasi karantindagi fuqarolar uchun markazlashgan holda tashkil etilgan oziq-ovqat omboriga, 4 560 donasi “Bo‘ston” sihatgohiga, 4 620 donasi “Botanika” sihatgohiga, “SHAFFOF” xususiy korxonasi tomonidan berilgan 1 000 dona ichimlik suvi esa “O‘rtasaroy” virusalogiya markaziga topshirildi.
Ma’lumotda qayd etilishicha, Markazda ish olib borayotgan Call-centre (1197 qisqa raqami)ga bugun soat 17:00 qadar aholi tomonidan 2057 ta (shu kunga qadar 4044 ta) murojaat kelib tushdi hamda ular tegishli tartibda mutasaddilarga taqdim etib borilmoqda.
Homiylik xayriyalarini muvofiqlashtirish markazi tomonidan shu kunga qadar poytaxtdagi 3436 ta ana shu toifadagi oilaga zarur mahsulotlar yetkazildi. Jumladan, Bektemir tumanidagi 202 ta, Mirobod tumanidagi 242 ta, Olmazor tumanidagi 341 ta, Sergeli tumanidagi 360 ta, Uchtepa tumanidagi 266 ta, Shayxontohur tumanidagi 317 ta, Chilonzor tumanidagi 279 ta, Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 389 ta, Yunusobod tumanidagi 477 ta, Yashnobod tumanidagi 229 ta, Yakkasaroy tumanidagi 334 ta ijtimoiy himoyaga muhtoj, kam ta’minlangan oilalar mazkur mahsulotlar bilan ta’minlandi.
“Quvonarlisi, bu kabi homiylik xayriyalarini ko‘rsatish istagini bildirayotgan vatandoshlarimiz soni kun sayin ortib bormoqda. Biz xalqimizga yordam qo‘lini uzatayotgan saxovatpesha tashkilot rahbarlari hamda insonlarga Homiylik xayriyalarini muvofiqlashtirish markazi va keng jamoatchiligimiz nomidan chuqur minnatdorlik bildiramiz”, deyiladi rasmiy ma’lumotda.
LiveBarchasi