So‘nggi umid. Mun Chje In ketar jafosiga Kim Chen In bilan yarashmoqchi
Olam
−
04 yanvar 2022
7642Joriy yilning may oyida vakolati tugaydigan Janubiy Koreya Prezidenti Mun Chje In KXDR bilan yarashish bitimini imzolashga va’da berdi. U o‘zining rahbarlikdagi so‘nggi oyini Pxenyan sukut saqlayotganiga qaramasdan tinchlik deklaratsiyasini imzolash uchun sarflamoqchi.
"Men barqaror tinchlikka erishish bo‘yicha sa’y-harakatlarni to‘xtatmayman. Hukumat Koreyalararo munosabatlarni normallashtirish va tinchlikka erishish borasida qaytmas yo‘ldan boradi. Umid qilamanki, keyingi ma’muriyat ham muloqot uchun sa’y-harakatlarni davom ettiradi”, degan Mun Chje In kecha, 3 yanvar kuni xalqqa yo‘llagan so‘nggi Yangi yil murojaatida.
Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In esa Yangi yil arafasida xalqqa qilgan murojaatida asosiy e’tiborni iqtisod va aholi hayotini yaxshilash borasidagi rejalarga qaratgan. Hokimiyatga kelganiga 10 yil to‘lgan Kim Chen In, Janubiy Koreya Prezidentining 1950-53 yillardagi Koreya urushini rasman tugatuvchi deklaratsiyani imzolash yoki Qo‘shma Shtatlar bilan yadrosizlanish bo‘yicha muzokaralarga erishish haqidagi chaqiriqlariga to‘xtalmagan ham.
Bunga qadar, Prezident Mun KXDR rahbari bilan bir nechta sammitlar o‘tkazgan, 2018-2019 yillar mobaynida ikki davlat o‘rtasida olib borilgan samarasiz tinchlik muzokaralari shular jumlasidan. O‘shanda xalqaro tashkilotlar KXDRga yadroviy arsenallardan voz kechish haqida talab qo‘ygan. Pxenyan esa Vashington va Seuldan sanksiyalardan voz kechib, “dushmanlik ruhidagi siyosat”ni to‘xtatishni so‘ragan. Ammo, muzokaralar yakunida hech qanday kelishuvga erishilmagan.
Mun ikki davlat o‘rtasida to‘xtab qolgan muzokaralarni jonlantirish maqsadida “urush tugaganligi haqidagi deklaratsiya”ni imzolashga intilmoqda.
Hozircha Shimoliy Koreya ushbu chaqiriqqa oshkora javob bergani yo‘q. AQSHning fikricha, Pxenyan kelishuvga rozilik beradi, ammo bu tez sodir bo‘ladigan hodisa emas.
“Oldimizda hali uzoq yo‘l borligi haqiqat, agar ikki Koreya kelishuvga erishadigan bo‘lsa, xalqaro hamjamiyat unga xayrixoh bo‘ladi”, deya ta’kidlagan Janubiy Koreya rahbari.
Joriy yilning 9 mart kuni Janubiy Koreyada prezidentlik saylovi bo‘lib o‘tadi. Olib borilayotgan so‘rovnomalarga ko‘ra, hozirda hukumatni boshqarayotgan Li Chje Myon partiyasi raqiblaridan ortda qolmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Shimoliy Koreya rahbarining singlisi Kim Yo Chjon 2020 yil sentyabr’ oyida KXDR Janubiy Koreya bilan har qanday sulhga tayyorligini ta’kidlagandi. Buning uchun u Janubiy Koreyadan AQSH harbiy bazalarini chiqarib yuborishni talab qilgan. O‘z navbatida AQSH Shimoliy Koreyaga yardo qurollaridan voz kechish haqida shart qo‘ygan.
Behruz Saidov
LiveBarchasi