Sunak Isroil va Ukrainani tanqid qilgan shaxsning parlamentga saylanganidan xavotirga tushdi

Olam

image

Britaniya Bosh vaziri Rishi Sunak Isroil va Ukrainani faol tanqid qilgan Jorj Galloueyning Britaniya parlamenti Jamoatlar palatasiga saylanganidan xavotir bildirdi. Bu haqda u Dauning ko‘chasi, 10-uydagi qarorgohi oldida so‘z ochdi.

“Kecha Rochdeyldagi qo‘shimcha saylovda 7 oktyabrda sodir bo‘lgan dahshatni inkor etuvchi, “Hizbulloh”ni ulug‘laydigan va Britaniya Milliy partiyasining sobiq rahbari Nik Griffin tomonidan qo‘llab-quvvatlangan nomzod g‘alaba qozongani nihoyatda xavotirli”, deydi Sunak.

Gallouey esa “Sky News” telekanaliga bergan intervyusida Buyuk Britaniya terrorchi tashkilot deb topilgan “Hizbulloh” harakatini qo‘llab-quvvatlayaptimi, degan savolga javob berishdan qochdi. U faqat Isroilning Livanni bosib olishiga qarshi ekanini va ishg‘ol qurbonlarining bosqinchilarga qarshilik ko‘rsatish huquqini qo‘llab-quvvatlashini ta’kidladi. Shuningdek, u Bosh vazirning tanqidini qabul qilishdan bosh tortdi.

"Biz Bosh vazirligining oz qolgan qismini o‘tkazayotgan Rishi Sunak haqida gaplashyapmiz. U haqida go‘yo tog‘dan tosh lavhalar bilan tushgan, so‘zlari meni titratadigan payg‘ambardek gapirmang. Men Bosh vazirni hurmat qilmayman. Undan nafratlanaman. Va bilasizmi, nima? Bu mamlakatdagi millionlab odamlar ham undan nafratlanadi”, deydi Jorj Gallouey.

Buyuk Britaniya Mehnat partiyasiga rahbarlik qiluvchi Gallouey musulmon saylovchilarning qo‘llab-quvvatlashini qozonish uchun saylovoldi kampaniyasining katta qismini G‘azo sektoridagi mojaro atrofida qurdi. Saylanganidan so‘ng u o‘z g‘alabasini Falastin anklaviga bag‘ishlashini aytdi. Siyosatchi avvalroq – 1987-2010 va 2012-2015 yillarda Jamoatlar palatasi a’zosi bo‘lgan; 2003 yilgacha u Leyboristlar partiyasi a’zosi bo‘lgan, NATOning Iroqqa bostirib kirishini tanqid qilgani uchun u yerdan haydalgan. Shuningdek, Gallouey bir necha bor Ukraina hukumati va NATOni Donbassdagi mojaroni kuchaytirganlikda ayblagan.


Maqola muallifi

Teglar

Buyuk Britaniya Ukraina Isroil Rishi Sunak Jorj Gallouey

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing