Sun’iy intellekt ayollarga virtual zo‘rlik xavfini oshirmoqda – BMT
Olam
−
01 may 1402 4 daqiqa
Sun’iy intellekt, anonimlik va samarali qonunlarning yo‘qligi raqamli makonda ayollarga bo‘lgan kibertahdid va virtual zo‘rlik xavfini oshirmoqda. Bu haqda BMT ayollar (UN Women) bo‘limining kecha, 30 aprel kuni e’lon qilingan hisobotida so‘z boradi.
Unga ko‘ra, jamoat hayotidagi ayollar internetdagi zo‘ravonlikning tobora ko‘payib borayotgan va yanada murakkab shakllariga duch kelmoqda. Tashkilot sun’iy intellekt yordamidagi “virtual zo‘rlash” endilikda jinoyatchilar qo‘li ostida ekanini ta’kidlagan.
“Ayollar huquqlari faollari, jurnalistlar va boshqa jamoatchilik bilan muloqot qiluvchi ayollar sun’iy intellekt, anonimlik va samarali qonunlar hamda javobgarlik mexanizmlarining yo‘qligi sabab yanada katta xavfga duch kelmoqda”, deyiladi BMT ayollar bo‘limi hisobotida.
1500 dan ortiq ayol ishtirok etgan so‘rovnomada 6 foiz ayollar “deepfake” qurboni bo‘lganini aytgan, qariyb uchdan biri esa internet tarmoqlaridan jinsiy mazmundagi murojaatlarni olganini bildirgan. Taxminan 12 foiz ayol o‘z tasvirlari ularning roziligisiz, jumladan, intim yoki jinsiy mazmunda tarqatilganini aytgan.
“Sun’iy intellekt zo‘ravonlikni osonlashtirmoqda va uning ta’sirini yanada kuchaytirmoqda. Anonimlik va ma’lumot hamda hikoyalarning ommaviy axborot vositalarida tez tarqalishi esa bunday kontentni yanada xavfli qiladi”, deydi tashkilotda ayollarga nisbatan zo‘ravonlikka qarshi kurash ishlarini boshqaradigan Kalliopi Mingeyru.
Hisobot dunyo bo‘ylab millionlab ayollar va qizlar uchun raqamli makon zo‘ravonlik bilan bog‘liq hududga aylanib boryotganini ko‘rsatuvchi dalillarni yanada kuchaytirgan. Unga ko‘ra, ko‘plab ayollar internetdan foydalanish va zo‘ravonlik xavfini qabul qilish yoki o‘zini cheklash, hatto umuman tarmoqlardan chetlanish o‘rtasida tanlov qilishga majbur. Bu esa ularning kasbiy va shaxsiy hayotiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
“Agar ayollar, ayniqsa jurnalistlar va inson huquqlari himoyachilari raqamli makondan siqib chiqarilsa, bundan barchamiz yutqazamiz. Ayol jurnalistlarning roli haqiqat qanday yetkazilishi va qaysi hikoyalar aytillishini belgilashda juda muhim. Agar ayollar jamoat hayotidan va raqamli makondan siqib chiqarilsa, qo‘lga kiritilgan huquqlar yemirilib boradi”, deydi Mingeyru.
Hisobotda aytilishicha, bu jarayon avtoritarizm kuchayishi, demokratiyaning susayishi va “manosphere” kabi ayollarga nisbatan nafratni tarqatuvchi tarmoqlar fonida yanada xavotirli tus oladi.
Gender tengligiga qarshilik texnologiyalar orqali ham kuchayib boryotgani, ular foyda olish maqsadida ayollarga nisbatan nafratli nutqni keng tarqatishi hisobotda aytib o‘tilgan. Unda ayollarning suratlaridan ularning roziligisiz kiyimlarini “olib tashlash” yoki ularni jinsiy zo‘ravonlikka uchragan qilib ko‘rsatishga qodir sun’iy intellekt ilovalariga ishora qilingan.
Mingeyruning aytishicha, bu hujumlar “muvofiqlashtirilgan va ataylab amalga oshiriladi” hamda ayollarning ovozini o‘chirish, ularning kasbiy obro‘siga putur yetkazishga qaratilgan.
“Bu gender tengligiga qarshi kengroq bosimning bir qismi”, deydi u.
Uning fikrini yil boshida e’lon qilingan tadqiqot ham qo‘llab-quvvatlaydi. Unda ayollarni internetda sukut saqlashga majbur qilish tasodifiy holat emas, balki “muvofiqlashtirilgan va tizimli amaliyot” ekani ta’kidlangan. Tadqiqot shuni ko‘rsatdiki, onlayn dushmanlik nafrat tarqatuvchilar uchun oson va rag‘batlantiruvchi muhitga aylangan, platformalarning algoritmlari va vaqtinchalik dushman guruhlarning shakllanishi ayollarga qarshi nafratni “jamoatchilikda ishtirokini cheklashga qaratilgan muvofiqlashtirilgan mexanizmga” aylantirmoqda.
Bu muammo joriy yil boshida keng muhokamaga sabab bo‘lgandi. Ilon Maskning Grok sun’iy intellekt vositasiga yuz minglab so‘rovlar kelib tushgani, ular orqali ayollar suratlaridan kiyimlarni “olib tashlash” talab qilingani ma’lum bo‘lgandi. Keyinchalik nemis televideniye yulduzi Kolliyen Fernandes sobiq turmush o‘rtog‘i uning SI orqali yaratilgan pornografik tasvirlarini internetda tarqatganini aytgan.
“Onlayn boshlangan zo‘ravonlik onlayn qolib ketmaydi. U real hayotga ham o‘tadi, qo‘rquv tarqatadi, ovozlarni o‘chiradi va eng yomon holatlarda jismoniy zo‘ravonlik va ayol o‘ldirish holatlariga olib keladi”, deydi BMTning ayollarga mas’ul bo‘limi ijrochi direktori Sima Baxus
Hisobotda so‘rovda qatnashgan ayol jurnalistlar va media xodimlarining chorak qismi internetdagi zo‘ravonlik tufayli xavotir yoki depressiya tashxisi qo‘yilganini aytgan. Qariyb 13 foizi esa posttravmatik stress sindromiga duch kelgan. Ko‘plab ayollar uchun internetdagi zo‘ravonlik qo‘rquvi ularni muhim mavzulardan qochishga yoki umuman sukut saqlashga majbur qilayotgani aytiladi. 45 foiz ayol jurnalistlar ijtimoiy tarmoqlardan o‘zini cheklashini aytgan, qariyb 22 foizi esa kasbiy faoliyatida ham o‘zini senzura qilmoqda.
Mingeyru texnologiya kompaniyalarini zo‘ravonlikni oldini olish uchun himoya vositalarini joriy etishga va shikoyat qilish mexanizmlarini yaratishga chaqirgan. Shuningdek, hukumatlar ham chora ko‘rishi kerakligini ta’kidlab, hozirda mamlakatlarning 40 foizdan kam qismida ayollarni kibertahqir yoki kiberta’qibdan himoya qiluvchi qonunlar mavjudligini qayd etgan. Aks holda, bu muammo uzoq muddatli salbiy oqibatlarga olib kelib, o‘nlab yillar davomida erishilgan yutuqlarni ortga qaytarishi mumkin.
“Bu yomon doirani yaratmoqda. Bunday jiddiy ruhiy salomatlik muammolari sharoitida ko‘plab ayollar raqamli makonda ishtirok etishni istamay qo‘yadi”, deydi u.
Oybek Rustamov
Live
Barchasi