Suitsid: o‘zini o‘ldirish eng yuqori 10 davlat

Tahlil

image

Axborot texnologiyalari asrida axborotni tarqatish, qabul qilish va tahrirlash istalgan odam tomonidan amalga oshirish mumkin bo‘lgan oddiy jarayonga aylandi. O‘rgimchak to‘ridan chetda qoladigan ma’lumotlar juda kam. Shunday mavzulardan biri suitsidlardir. Biz tez-tez bunday qilmishlar haqidagi ma’lumotlarga duch kelmoqdamiz. Ammo ko‘pchilik o‘z joniga qasd qilish haqida gapirishni yoqtirmaydi. Shunday bo‘lsa-da, ko‘plab jamoat salomatligi mutasaddilarining fikricha, ochiqlik va muhokama o‘z joniga qasd qilishning keng tarqalishiga qarshi kurashishda muhim vosita hisoblanadi. Shuni inobatga olgan holda, biz o‘z joniga qasd qilish darajasi dunyo bo‘ylab qanday farq qilishi va ayrim mamlakatlarda bu ko‘rsatkich nega yuqori ekanini ko‘rib chiqishga qaror qildik. Maqolada eng yuqori ko‘rsatkichlarga ega mamlakatlar, mintaqalar va jinslar bo‘yicha tafovutlar hamda boshqalar haqida so‘z boradi.

Avvalo ta’kidlash lozimki, quyidagi ma’lumotlar asosan savdo siyosati bo‘yicha kelishuvlarga ega Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (IHTT)ga a’zo 38 ta yuqori yoki o‘rta daromadli mamlakatlarga tegishli.

Ko‘rsatkich: 2020 yil ma’lumotlari asosida o‘z joniga qasd qilishning har 100 ming aholi kesimida

1. Janubiy Koreya (24.1)

Janubiy Koreyada o‘z joniga qasd qilish jiddiy jamoat salomatligi muammosidir. Ayniqsa, ijtimoiy va oilaviy e’tibordan chetda qolgan keksalar orasida keng tarqalgan. So‘nggi o‘n yil ichida yoshlarda ham bu ko‘rsatkich oshib bormoqda. Buning oldini olish maqsadida turli tashabbuslar amalga oshirilgan bo‘lsa-da, hozircha sezilarli yutuq qayd etilmayapti.

2. Litva (20.3)

Litvada o‘z joniga qasd qilish ko‘rsatkichi 1990 yillarning o‘rtalaridan beri pasayib kelayotgan bo‘lsa-da, u IHTT mamlakatlari orasida ikkinchi o‘rinda qolmoqda. Ko‘plab sobiq sovet mamlakatlarida bo‘lgani kabi, 1990 yillarda kommunizmdan chiqish jarayoni og‘ir kechdi va bu ijtimoiy sharoitlarni yomonlashtirib, ruhiy salomatlik muammolarini kuchaytirdi.

3. Vengriya (16.1)

Vengriya o‘z joniga qasd qilishga qarshi kurashda muayyan yutuqlarga erishdi va ko‘rsatkich yillar davomida asta-sekin kamaymoqda. Ko‘plab yuqori ko‘rsatkichli mamlakatlardagi kabi, bu yerda ham mintaqalar o‘rtasida katta farqlar mavjud: qashshoq va qishloq joylarda o‘z joniga qasd qilish ancha ko‘p uchraydi.

4. Sloveniya (15.7)

Yana bir Markaziy Yevropa davlati bo‘lgan Sloveniya yuqori ko‘rsatkichga ega, lekin sezilarli kamayish qayd etilgan. Sloveniya kichik mamlakat bo‘lsa-da, zamonaviy aralash iqtisodiyot va yuqori turmush darajasiga ega. Jins va mintaqalarga ko‘ra ko‘rsatkichlar farq qiladi.

5. Yaponiya (15.4)

Yaponiyada o‘z joniga qasd qilish ko‘rsatkichlari so‘nggi yillarda o‘zgarib turdi, bunda COVID-19 pandemiyasining ta’siri seziladi. 1990 yillarning oxirida keskin ko‘tarilishdan keyin asta-sekin kamaygan bo‘lsa-da, pandemiya davrida yana oshdi. 20-44 yoshli yapon erkaklari orasida suitsid eng ko‘p uchraydigan o‘lim sababidir.

6. Estoniya (15.1)

Estoniya Shimoliy Yevropa davlati va IHTT a’zosidir. Yuqori daromadli mamlakat sifatida rivojlangan iqtisodiyotga ega. Shunga qaramay, o‘z joniga qasd qilish ko‘p uchraydi, bu esa muammoni hal qilishning naqadar qiyin ekanini ko‘rsatadi.

7. Latviya (14.9)

Latviya ham Shimoliy Yevropa davlati – Estoniya singari Boltiqbo‘yida joylashgan. Kichik va rivojlangan mamlakat bo‘lsa-da, spirtli ichimliklarga ruju qo‘yish va ijtimoiy begonalashuv kabi muammolar yuqori ko‘rsatkichlarga olib kelmoqda.

8. Belgiya (14.6)

Belgiya G‘arbiy Yevropadagi eng yuqori o‘z joniga qasd qilish ko‘rsatkichiga ega davlat sifatida tanilgan. Bu shuni ko‘rsatadiki, nisbatan rivojlangan sog‘liqni saqlash tizimiga ega boy mamlakatlarda ham bu jiddiy muammo bo‘lib qolmoqda.

9. AQSH (14.1)

Amerika Qo‘shma Shtatlari uzoq yillardan beri boy mamlakat bo‘lishiga qaramay, o‘z joniga qasd qilishda yuqori ko‘rsatkichga ega. So‘nggi o‘n yillikda bu muammo yanada og‘irlashdi, ayniqsa, “umidsizlikdan kelib chiqqan o‘limlar” (o‘z joniga qasd, giyohvandlikdan o‘lim va alkogolizm oqibatidagi jigar kasalliklari) borasida.

10. Finlyandiya (12.9)

Finlyandiya Skandinaviya davlati bo‘lib, dunyodagi eng yaxshi ta’lim va sog‘liqni saqlash tizimlaridan biriga ega. Ammo dunyodagi eng yuqori turmush darajasi va baxtlilik ko‘rsatkichlariga qaramay, bu yerda o‘z joniga qasd qilish darajasi nisbatan yuqoriligicha qolmoqda. Olimlar bu holatni uzoq, qorong‘i, sovuq qishlar hamda umumiy farovonlikdan kamroq bahramand bo‘layotgan aholining depressiyaga tushishi kabi omillar bilan izohlaydi.

IHTT a’zosi bo‘lmagan davlatlarda suitsid yana ham ko‘proq

Yuqorida ta’kidlanganidek, bu reytinglar IHTT a’zosi bo‘lmagan davlatlar va ularda yashovchi milliardlab odamlarni hisobga olmaydi. Aslida, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, Afrika qit’asida dunyodagi eng yuqori o‘z joniga qasd qilish ko‘rsatkichi qayd etilgan. Ba’zi mamlakatlarda bu ko‘rsatkich bizning birinchi o‘rindagi davlatimiz – Janubiy Koreyadagidan ham ancha yuqori. Ayniqsa, kichkinagina Lesoto davlatida vaziyat alohida og‘ir va fojiali bo‘lib, bu yerda har 100 ming kishiga 87,5 ta o‘z joniga qasd qilish holati to‘g‘ri keladi.

Qanchalik dahshatli bo‘lmasin, bu statistikada mantiqiy jihat ham bor: tabiiy boyliklarga boy va aholisi eng tez o‘sib borayotgan qit’a bo‘lishiga qaramay, Afrika mamlakatlari ko‘pincha nisbatan qashshoq, millionlab odamlar esa jiddiy ijtimoiy muammolar, urush va ixtiloflarga duch kelmoqda.

Erkaklar ayollarga qaraganda ko‘proq o‘z joniga qasd qiladi

Aniq aytiladigan kam sonli haqiqatlardan biri shuki, o‘z joniga qasd qilish ko‘rsatkichi ayollarga qaraganda erkaklar orasida ancha yuqori. Tadqiqotchilar turli omillarni ko‘rib chiqqan bo‘lsa-da, bu tafovutni tushuntirish ilmiy jumboq bo‘lib qolmoqda. Yana bir ajablanarli fakt shuki, erkaklar ko‘rsatkichi yuqori bo‘lsa-da, suitsidga urinishlar soni ayollar orasida ko‘proq. Ya’ni ayollar o‘z joniga qasd qilish haqida erkaklarga nisbatan ko‘proq o‘ylaydi va bu haqda ko‘proq gapiradi.

Xo‘sh, nega erkaklar suitsid haqida kam gapiradi-yu, unga ko‘p qo‘l uradi? Ba’zi olimlarning fikricha, oilaning asosiy yoki yagona boquvchisi bo‘lish yuki og‘ir iqtisodiy davrlarda erkaklarni ruhiy bosim ostiga qo‘yadi. Shuningdek, erkaklar atrofdagilar bilan kamroq hasratlashadi va turmush o‘rtog‘idan tashqari kuchli ijtimoiy aloqalarga ega bo‘lish ehtimoli pastroq.


Maqola muallifi

Teglar

suitsid o'z joniga qasd qilish

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing