Sudyalarga yaratilgan sharoit, ularning mustaqil bo‘lishi uchun yetarli emas – Oliy sud raisining yangi o‘rinbosari
Jamiyat
−
19 noyabr 2022
5688Sudlarning mustaqil bo‘lishi, qabul qiladigan qarorlariga hech kim ta’sir o‘tkazmasligi adolat ta’minlanishiga sabab bo‘ladi. Ijtimoiy tarmoqlarni kuzatib, odamlar sudlarning mustaqilligiga u qadar ishonmasliklarini ko‘rish mumkin. Oliy Majlis Senatining 35-yalpi majlisida O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisining o‘rinbosari – iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlov hay’ati raisi lavozimiga saylangan Shuhrat Polvonov sudlar mustaqilligini qanday baholaydi?
“Sudlarning mustaqil bo‘lishi qonunda, konstitutsiyada belgilangan. Sudlarning mustaqil ravishda faoliyat olib borishiga ta’sir qiluvchi holatlar juda ham ko‘p. Oxirgi vaqtlarda, asosiy e’tibor sudyaning mustaqilligini mustahkamlashga qaratilgan. Sudyalarning oyligi yetarli darajada oshirildi, sud hokimiyatini moliyalashtirish, byudjetda alohida tizimga o‘tkazildi. Umuman, sud hokimiyatiga kerakli moddiy-texnik ko‘maklar ham yetarli darajada ajratilyapti. Lekin, sudyalarning mustaqil bo‘lishi faqat yuqoridagilarga bog‘liq emas”, deydi Shuhrat Polvonov.
Oliy sud raisi o‘rinbosarining so‘zlariga ko‘ra, joylardagi mahalliy hokimiyat yoki boshqa ta’sir o‘tkazuvchi idoralarni, sudyalarning faoliyati ustidan nazorat holatini kamaytirish kerak.
“Sudyalar xavfni sezmasa, mustaqil qaror qabul qiladi. Sudya avtomat, mashina yoki mexanizm emas, balki odam ekanini hisobga olishimiz kerak. Sudyalarni erkin, mustaqil ishlashini ta’minlash juda muhim. Ularni ishlariga hech kim aralashmasligiga kafolat bo‘lsa, sudya o‘z kasbiga mas’uliyat bilan yondoshsa sudlarning mustaqil bo‘lishi ta’minlanadi”, deydi sudya Polvonov.
Lavozimga tayinlangach, birinchilardan bo‘lib QALAMPIR.UZ'ga intervyu bergan Oliy sud raisi o‘rinbosari Polvonov sudlardagi kamchiliklar va tizimida adolat tantana qilgan deb aytish xato bo‘lishini aytgandi.
LiveBarchasi