Sudlanganlar maktab direktori bo‘lolmasligi mumkin

Bu qiziq

−

image

Endilikda muqaddam sudlangan shaxslarning umumiy o‘rta ta’lim tizimida rahbarlik lavozimlarini egallashi taqiqlanishi mumkin. Bu haqda Xalq ta’limi vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan qonun loyihasida keltirilgan.

Mazkur qonun loyihasi Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga joriy yilning 8 noyabr kuni joylashtirilgan bo‘lib, muhokama 23 noyabrgacha davom etadi.

Loyihaga ko‘ra, umumiy o‘rta ta’lim maktablarida muqaddam sudlanganlardan tashqari, quyida keltiriladiganlar ham rahbarlik lavozimiga tayinlanishiga cheklov qo‘yiladi:

•  sud tomonidan muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan deb topilgan shaxslar;

•  psixiatriya yoki narkalogiya muassasalarida hisobda turgan shaxslar;

•  umumiy o‘rta ta’lim tizimida rahbarlik faoliyatini amalga oshirishga to‘sqinlik qiladigan kasallikka chalingan shaxslar;

•  qasddan sodir etgan jinoyati uchun muqaddam sudlangan (sudlanganlik holati tugatilganligi, olib tashlanganligidan qat’i nazar) shaxslar;

•  jinoyat ishlari aybdorligi to‘g‘risidagi masala hal etilmagan holda tugatilgan jinoyatlarni (qasddan) sodir etgan shaxslar.

Eslatib o‘tamiz, Prezident farmoni bilan tasdiqlangan “2022-2026 yillarda xalq ta’limini rivojlantirish bo‘yicha Milliy dastur”ga ko‘ra, jinoiy javobgarlikka tortilgan shaxslarning xalq ta’limi tizimida rahbarlik lavozimiga tayinlanishini cheklash bo‘yicha normativ-huquqiy hujjatlarga o‘zgartirish kiritish belgilangandi.

Samandar Haqqiyev


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

81

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing