Sudlangan Tashiyev prezidentlik saylovlarida qatnasha oladimi?
Olam
−
13:32 5020 6 daqiqa
Qirg‘izistonda so‘nggi yillarning eng shov-shuvli siyosiy ishlaridan biri – “75 lar xati” deb nomlangan ish bo‘yicha hukm chiqarildi. Sudlanuvchilar kursisidan bundan atigi yarim yil oldin mamlakat hokimiyati cho‘qqisini ularsiz tasavvur qilish qiyin bo‘lgan shaxslar joy oldi: sobiq bosh prokuror Qurmanqul Zulushev, Jogorku Kenesh (parlament) sobiq spikeri Nurlanbek Turg‘unbek o‘g‘li va Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi (MXDQ) sobiq raisi Qamchibek Tashiyev.
Ular bilan birga hokimiyatni zo‘rlik bilan tortib olishga tayyorgarlik ko‘rish ishi bo‘yicha mamlakatda muddatidan oldin prezidentlik saylovlarini o‘tkazish to‘g‘risidagi shov-shuvli murojaatga imzo chekkan besh kishi ham bor. Aynan o‘sha hujjat “75 lar xati” nomini olgan edi. Ular orasida bosh vazir apparatining sobiq rahbari Bekbolot Talg‘arbekov, Jogorku Kenesh sobiq deputati Aali Karashev, Qirg‘izistonning O‘zbekistondagi sobiq elchisi Emil Uzoqboyev, ichki ishlar vazirining sobiq o‘rinbosari Kursan Asanov va prezidentning parlamentdagi sobiq muxtor vakili Qurmanbek Diykanboyev bor.
Bishkek shahar Birinchi may tuman sudi sakkiz kishini ham aybdor deb topdi va ularning har biriga mol-mulkini musodara qilgan holda, 3 yillik probatsiya nazoratini qo‘llab, 4 yildan ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinladi. Mahkumlarning aksariyati advokatlari hukm ustidan shikoyat qilish niyatida ekanliklarini ma’lum qildi.
Probatsiya nazorati nimani anglatadi?
Hukm qonuniy kuchga kirgan taqdirda, jazoning ijro etilishini Adliya vazirligi huzuridagi Probatsiya departamenti nazorat qiladi. Mahkumlar hisobga qo‘yilib, inspektorlarga biriktiriladi. Idora tomonidan tushuntirilishicha, hukm kuchga kirgandan so‘ng, mahkumlar 10 kun ichida yashash joyidagi probatsiya organiga murojaat qilishi, Qirg‘iziston hududidan tashqariga chiqmasliklari, yashash, ish yoki o‘qish joyi o‘zgarganligi haqida inspektorni xabardor qilishi, shuningdek, oyiga ikki marta ro‘yxatdan o‘tish va profilaktik suhbatlar uchun kelishlari shart.
Ushbu talablardan tashqari, sud mahkumlar zimmasiga qo‘shimcha majburiyatlar yuklashga haqli. Masalan, ma’lum bir shaxslar bilan aloqada bo‘lish va ayrim joylarga tashrif buyurishni taqiqlash, qaramlikdan davolanish kurslarini o‘tash, shuningdek, axloqan tuzalishga qaratilgan boshqa choralar. Probatsiya shartlari buzilgan taqdirda, sud uni haqiqiy qamoq jazosiga almashtirishi mumkin.
Bundan oldinroq Birinchi may tuman sudi matbuot xizmati sudya Aziret Mederov nima uchun ish figurantlarini koloniyaga yubormasdan, ularga nisbatan probatsiya qo‘llaganiga izoh bergan. Jinoyat oxirigacha yetkazilmagani va tayyorgarlik ko‘rish bosqichida to‘xtab qolgani alohida qayd etilgan. Shuningdek, sud jinoiy niyatning amalga oshirilish darajasini va sudlanuvchilarning shaxsini hisobga olib, ular jamiyatdan ajralmagan holda ham axloqan tuzalishi mumkin degan xulosaga kelgan.
Bunga Qamchibek Tashiyevning nima aloqasi bor?
Voqealar tarixiga qaytilsa, Qamchibek Tashiyev 10 fevral kuni MXDQ raisi lavozimidan ozod etilgan edi. Undan bir kun oldin internetda prezident Sadir Japarov va Jogorku Kenesh spikeri Nurlanbek Turg‘unbek o‘g‘liga mamlakatda muddatidan oldin davlat rahbari saylovlarini o‘tkazish taklifi bilan jamoaviy murojaat paydo bo‘ldi. Hujjatni 75 nafar jamoat va siyosat arboblari imzolagan. Keyinchalik ularning besh nafari jinoyat ishi figurantiga aylandi.
Tashiyev iste’foga chiqqanidan so‘ng darhol jamiyatda uning ushbu murojaatga aloqadorligi ehtimoli muhokama qilina boshladi. Biroq qirg‘izistonliklarga aynan u “75 lar xati” tashkilotchisi yoki tashabbuskori bo‘lgani haqida to‘g‘ridan to‘g‘ri dalillar taqdim etilmadi.
Bunday taxminlarga uning murojaat mualliflaridan biri Bekbolot Talg‘arbekov bilan uzoq yillik munosabatlari bilvosita asos bo‘ldi. MXDQ sobiq rahbari uni o‘z ustozi deb atardi. Ma’lumki, Talg‘arbekov 2011 yilgi prezidentlik saylovlarida Qamchibek Tashiyevning saylovoldi shtabida ishlagan, ba’zi ma’lumotlarga ko‘ra esa unga rahbarlik qilgan. OAVda Talharbekov Tashiyevga “o‘ko‘l ata” (ma’naviy ota) hisoblanishi haqida ham xabarlar tarqaldi, ammo bu ma’lumot rasman tasdiqlanmagan.
MXDQ raisi iste’fosidan keyin ijtimoiy tarmoqlarda Qamchibek Tashiyev “75 lar xati” bir nechta mualliflari bilan birga aks etgan fotosurat joylashtirildi. Suratda uning yonida keyinchalik ushbu ish bo‘yicha mahkum qilingan Bekbolot Talg‘arbekov, Aali Karashev va Emil Uzoqboyev turganini ko‘rish mumkin. Shu bilan birga, ushbu surat qachon, qayerda va qanday sharoitda olingani noma’lum.
Qamchibek Tashiyevni davlat to‘ntarishiga tayyorgarlik ko‘rishda ommaviy ravishda ayblagan kam sonli shaxslardan biri Jogorku Kenesh deputati Elvira Surabaldiyeva bo‘ldi. U bunday bayonotni aprel oyi oxirida qozog‘istonlik jurnalist Nurseit Jilqishbayga bergan intervyusida aytgan.
Prezident Sadir Japarov ham o‘zining yaqin do‘sti iste’fosi sabablari haqida bir necha bor fikr bildirdi. Bunda u Tashiyev “75 lar xati” muallifi yoki tashkilotchisi ekanini da’vo qilmagan. Davlat rahbarining talqiniga ko‘ra, sobiq MXDQ rahbari ayrim “deputatlik guruhlari” va ba’zi “oqsoqollar“ hamda “ko‘ksoqollar” ta’siri ostida ushbu vaziyatga aralashib qolgan.
“Men bu tezkor qarorim bilan, aksincha, do‘stimni asrab qoldim deb hisoblayman. Chunki uning yonida yurgan, ularni “oqsoqollar“ yoki “ko‘ksoqollar” deb ataydigan kimsalar baribir do‘stimni to‘g‘ri yo‘ldan ozdirishayotgan edi. Ular Qamchibek Tashiyevning nomidan kaltak sifatida foydalanib, parlament deputatlariga, mas’ul davlat xizmatchilariga, shuningdek, jamiyatda tanilgan insonlarga: “General tomonga o‘tinglar”, degan so‘zlar bilan murojaat qila boshlashgandi”, degan edi u.
Qamchibek Tashiyevning o‘zi aybini tan olmadi. Sud jarayonida u ayblov tomoni uning hokimiyatni zo‘rlik bilan tortib olishga tayyorgarlik ko‘rishga aloqadorligi bo‘yicha hech qanday dalil taqdim etmaganini ta’kidladi va prokuraturani asossizligi sababli ayblovlardan voz kechishga chaqirdi.
Maxsus xizmat sobiq rahbarining bayonotlariga qaramay, sud uni aybdor deb topdi.
Tashiyev prezidentlik saylovlarida qatnasha oladimi?
Qamchibek Tashiyev MXDQ raisi lavozimidan ketganidan so‘ng u 2027 yilning yanvar oyida bo‘lib o‘tadigan prezidentlik saylovlarida ishtirok etishni rejalashtirgani haqidagi talqinlar bildirilgan edi. Eslatib o‘tamiz, 2025 yilning iyun oyida Qirg‘izistonda prezidentlikka nomzodlarga qo‘yiladigan talablar kuchaytirildi. Endilikda qonun sudlanganligi bor fuqarolarga, jumladan, sudlanganligi olib tashlangan yoki tugatilgan shaxslarga, shuningdek, jinoyat ishlari reabilitatsiya qilmaydigan asoslar bilan tugatilgan shaxslarga nomzodini qo‘yishni taqiqlaydi.
Birinchi may tuman sudining hukmi faqat apellyatsiya shikoyati berish muddati tugaganidan keyin yoki Bishkek shahar sudi tomonidan ish ko‘rib chiqilganidan keyingina qonuniy kuchga kiradi. Mahkumlarning aksariyati advokatlari, jumladan, Qamchibek Tashiyevning himoyachisi Ikromidin Aytqulov qaror ustidan shikoyat qilish niyatida ekanini bildirgan.
Ya’ni, hozircha barcha figurantlar ayblanuvchi maqomida turibdi. Bu huquqiy jihatdan apellyatsiya ko‘rib chiqilguniga qadar saylovda qatnashish huquqi rasman saqlanib qolishini anglatadi.
“Agar ayblov hukmi hali qonuniy kuchga kirmagan bo‘lsa, chunki u ustidan apellyatsiya tartibida shikoyat qilingan, shaxs sudlangan hisoblanmaydi va ayblanuvchi maqomida qolishda davom etadi. Huquqiy nuqtai nazardan bu shuni anglatadiki, u prezidentlikka yoki parlament deputatligiga o‘z nomzodini qo‘yishi mumkin, chunki qonunda ko‘zda tutilgan cheklovlar unga nisbatan hali tatbiq etilmaydi (“Prezident va Jogorku Kenesh deputatlari saylovi to‘g‘risida”gi konstitutsiyaviy Qonunning 3-moddasi)”, deya qayd etgan advokat Zamir Jooshev.
Konstitutsiyaviy sudning sobiq sudyasi Klara Sooronkulova ham ishni ko‘rib chiqishning ushbu bosqichida Qamchibek Tashiyev prezidentlikka nomzodini qo‘yishi mumkinligini tasdiqlagan. Biroq uning so‘zlariga ko‘ra, bu haqda gapirish hali erta – oldinda hali yana sud surishtiruvlari turibdi.
Shu tariqa, agar yuqori sud hukmni o‘zgarishsiz qoldirsa va u saylovgacha qonuniy kuchga kirsa, Qamchibek Tashiyevning unda ishtirok etishi imkonsiz bo‘lib qolishi mumkin. Ammo, agar ikkinchi instansiya nomzodlarni ro‘yxatga olish boshlanguniga qadar hukm chiqarishga ulgurmasa, u holda MXDQ sobiq raisi prezidentlikka saylanish uchun to‘liq huquqqa ega bo‘ladi.
Tashiyevning o‘zi esa hali lavozimdan ketmasidan oldin bo‘lajak saylovlarda amaldagi prezident Sadir Japarovni qo‘llab-quvvatlashini va o‘z nomzodini ilgari surmasligini bir necha bor va’da qilgan edi.
Live
Barchasi