Sudan Rossiyaga o‘z hududida harbiy-dengiz bazasi qurishga ruxsat berishi mumkin 

Olam

image

Sudan parlamenti joriy yilda bo‘lib o‘tadigan saylovlardan so‘ng mamlakatda Rossiya harbiy-dengiz bazasini qurish bo‘yicha kelishuvni ko‘rib chiqadi. Bu haqda mamlakat Tashqi ishlar vaziri Ali Sodiq Ali “RIA Novosti”ga bergan intervyusida ma’lum qildi.

Vazir kelishuvning ratifikatsiya qilinishini kutayotganini  aytdi.

“Biz kelishuvni ko‘rib chiqadigan va hukumatga ijobiy tavsiya beradigan yangi parlament bo‘lishi kerak, degan pozitsiyadamiz. Shuning uchun bu masalani saylanadigan parlamentga qoldiramiz”, degan Ali Sodiq Ali.

Rossiya harbiy-dengiz kuchlari uchun Sudan hududida logistika markazini yaratish bo‘yicha ikki davlat o‘rtasidagi kelishuv 2020 yilda Afrika davlatining avvalgi hukumati davrida tuzilgan. Unga ko‘ra, harbiy-dengiz stansiyasi xodimlarining maksimal soni 300 kishidan oshmaydi. Sudan hududida bir vaqtning o‘zida to‘rttadan ortiq Rossiya kemasi bo‘lmasligi kerak. 

Buning evaziga Rossiya Sudanga qurol va harbiy texnika yetkazib berishni boshlaydi. Shartnoma 25 yil muddatga tuzilgan. Biroq shartnoma haligacha ratifikatsiya qilinmagan.

Ma’lumot uchun, 2019 yilda Sudanda harbiy to‘ntarish bo‘lib o‘tgan va mamlakat prezidenti Umar al-Bashir hokimiyatdan ag‘darilgan. Mamlakatda o‘tish davri Suveren Kengashi tuzildi, uning tarkibiga armiya vakillari va Tezkor reaksiya kuchlarining harbiylashtirilgan tuzilmasi kiritildi.

2021 yilning bahorida Sudan hukumati Rossiya bilan kelishuvni parlament, Suveren Kengash yoki mamlakat hukumati tasdiqlamaguncha to‘xtatib qo‘ydi. Oradan olti oy o‘tib, Sudan Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Muhammad Sharif respublika qonun chiqaruvchi organlari shartnomani ratifikatsiya qilish uchun hali yetarli vakolatlarga ega emasligini aytdi.

2023 yilning fevralida “Associated Press” agentligi Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov tashrifidan so‘ng, Sudan hukumati Rossiya bilan kelishuvni qayta ko‘rib chiqqani va shundan beri hujjat ratifikatsiya qilinishini kutayotgani haqida xabar berdi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq “The Wall Street Journal” nashri Sudan razvedkasi xodimi Ahmad Hasan Muhammadga tayanib, Eron Qizil dengizning Sudan qirg‘og‘ida o‘zining harbiy-dengiz bazasini yaratish bo‘yicha muzokaralar olib borgani, ammo ular muvaffaqiyatsiz tugaganini yozgandi. Keyinchalik rasmiy Tehron buni rad qildi.

Madina Otaboyeva


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Rossiya Sudan harbiy-dengiz bazasi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing