Sudyalar qanchalik adolat bilan ish ko‘rmoqda? Yodgorov javob berdi

Intervyu

image

Dunyo davlatlarida qonun ustuvorligi avvalo o‘sha mamlakatda sudlarning mustaqilligi va adolati bilan belgilanadi.

O‘zbekistonda so‘nggi yillarda sudlar mustaqilligi va erkinligi kun tartibida bo‘lib turibdi. Bu borada qonunlarga o‘zgartirish kiritilib, Prezident qarorlari qabul qilindi. Ammo hamon sudning adolati va mustaqilligiga shubha bilan qarovchi fuqarolar oz emas.

Sudyalar oliy kengashi raisi Xolmo‘min Yodgorov QALAMPIR.UZ muxbiri bilan suhbatda odamlarning sudlardan rozi bo‘lishi, sudyalarning adolati haqida fikr bildirdi. Shuningdek, Yodgorov tizimda qanday o‘zgarishlar qilish kerakligiga ham to‘xtalib o‘tgan.

– Xalq sudyalarga ishonishi kerak, deb ko‘p aytiladi. Hozirgi kunda odamlar sud va sudyalarga qanchalik ishonyapti? Sudyalar qanchalik adolat bilan ish ko‘ryapti?

Xalq sudyalarga qanchalik ishonayotganini so‘rovnoma o‘tkazib, aniq javob aytganim maqul. Lekin 2020 yilning o‘zida 730 dan ziyod shaxsning sudda oqlangani sudning adolatli ishlayotganidan darak beradi. Suddan hamma rozi bo‘lmaydi. Chunki hammani rozi qilishning imkoni yo‘q.

Sababi hamma ishda ikki tomon, yani sudlanuvchi va jabrlanuvchilar bo‘ladi. Har ikkisini rozi qilishga erishish mushkul. Ayblanuvchiga qonuniy jazo qo‘llash kerak. Jabrlanuvchining huquqi poymol bo‘lishi mumkin emas.

Fuqarolik ishida da’vogar va javobgar bo‘ladi. Biz javobgarni rozi qilaylik desak, da’vogarnining haqqiga xiyonat qilib qo‘yamiz. Shu sababli suddan qanchalik rozi, deb aytilyotganda, shu omillarga ham etibor berish muxim.

Bugungi kunda sudlarimizda ko‘rilayotgan ishlar soni, qarorlarimizni qonuniyligi darajasidan baho beradigan bo‘lsak, ko‘p muammolar yechim topyapti.

Xayotda turli voqealarga guvoh bo‘lamiz. Meros talashib, aka-uka bir-biriga jarohat yetkazib qo‘yadi. Ikki aka-ukaga otadan meros qolsa, qonunchilikda u teng bo‘linadi. Shunchaki, bunday vaziyatda jigarlar bir-birining huqini tan olishi kerak. Ko‘p hollarda ular qonunni bilmagani ortidan begona odamlarga aylanib qoladi.

– Yangi lavozimga tayinlanganingizga ham 6 oydan oshdi. Aytingchi, sudlarning ishonchli bo‘lishi uchun tizimda nimalarni o‘zgartirish kerak?

Eng asosiysi, odamlarni huquqiy bilim darajasini oshirish ustida ishlashimiz kerak. Biz oddiy gaplar bilan odamlarga o‘z huquqlarini tushuntirib berishimiz zarur. Huquqini bilgan odam birovning huquqlarini buzmaydi va o‘z huquqining poymol bo‘lishiga ham yo‘l qo‘ymaydi. Shu sababli keng ommaning huquqiy bilmini oshirishga harakat qilishimiz zarur. Qonunni bilmaslik aybdorni jazodan ozod qilmaydi.

Tizimning ochiqligi, shaffofligini yetarlicha ta’minlay olganimiz yo‘q. Odamlar kimlar sudya bo‘lishi, qay tartibda saylanishi haqida bilishi kerak. Sudyalarni tanlash va saylash jarayonlarini ochiq-oydin ko‘rsatishimiz kerak. Bu borada qilingan ishlar ham bor, lekin qiladigan ishlarimiz ham oldinda turibdi.


Maqola muallifi

Teglar

Sud Sud'yalar Yodgorov sudlar mustaqilligi

Baholaganlar

99

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing