Sud va advokatlik byurosi mansabdorlari pora bilan ushlandi
3-sahifa
−
22 iyun
6476Samarqandda sud boshqaruvchisi, Jizzaxda advokatlik byurosi rahbari hamda Buxoroda sud boshqaruvchisi, topo xaritalar tuzish bilan shug‘ullanuvchi MCHJ rahbari, viloyat qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi bosh boshqarmasi mansabdori pora bilan ushlandi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Bildirilishicha, Samarqand viloyatida O‘zbekiston sud boshqaruvchilari assotsiatsiyasining viloyat bo‘limi sud boshqaruvchisi Samarqand shahar iqtisodiy sudining hal qiluv qarori bilan Samarqand tumanidagi xo‘jalik mollari savdosi bilan shug‘ullanuvchi oilaviy korxonani tugatish boshqaruvchisi etib tayinlangan va korxona faoliyatini tekshirish davomida, amaldagi qonun hujjatlari talablarini buzgan holda 1 mlrd 916 mln so‘m pul mablag‘ini boshqa shaxslarga moliyaviy yordam sifatida o‘tkazib yuborilganligi holatini aniqlagan. Ushbu pul mablag‘i qaytarilmasdan korxonani bankrot deb e’lon qilish masalasini ijobiy hal qilib berish evaziga 1200 AQSH dollari talab qilib, so‘ralgan pul mablag‘ini olgan vaqtida ushlangan.
Shuningdek, assotsiatsiyasining Buxoro viloyati bo‘limi sud boshqaruvchisi G‘ijduvon tumanlararo iqtisodiy sudining hal qiluv qarori bilan, Shofirkon tumanidagi bino-inshootlarni qurish va ta’mirlashga ixtisoslashgan mas’uliyati cheklangan jamiyatni tugatishga mas’ul etib tayinlanadi. Lekin, u mansab vakolatini suiiste’mol qilgan holda MCHJ rahbarining ishonchiga kirib, aldov yo‘li bilan, Prokuratura departamenti tomonidan qayta tekshiruv o‘tkazilmasligi hamda davlat reyestridan chiqarishda sud va soliq idoralaridagi mansabdor tanishlari orqali yordam berish evaziga 1000 AQSH dollari talab qilib, dastlab 200 AQSH dollari oladi va qolgan 800 AQSH dollarini olgan vaqtida qo‘lga olingan.
Bundan tashqari, 2023 yilning sentyabr oyida Jizzax viloyatining Sharof Rashidov tumani prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bo‘yicha ayblanuvchi tomonidan yetkazilgan zarar qoplanganligi bois, joriy yilning yanvar oyida jinoyat ishlari bo‘yicha Zafarobod tuman sudining hukmi bilan, unga nisbatan 18 oy muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlangan. Jizzax shahrida faoliyat yurituvchi advokatlik byurosi rahbari esa o‘zining himoyasida bo‘lgan mazkur sudlanuvchining qarindoshlaridan muqaddam shartnoma asosida 5 mln so‘m, shuningdek, shartnomasiz 4900 AQSH dollari olgan bo‘lsa-da, ozodlikdan mahrum etish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo tayinlanishida go‘yoki huquq-tartibot idoralaridagi tanishlariga pul berganligini aytib, yana 3 ming AQSH dollari olgan vaqtida ushlangan.
Shu bilan birga, Buxoro viloyatining Buxoro shahrida joylashgan Geodeziya va topo xaritalar tuzish bilan shug‘ullanuvchi MCHJ rahbari mahalliy qurilish firmasiga qarashli 701 m.kv bo‘lgan yer maydonida ko‘p qavatli uy qurish uchun arxitektura-rejalashtirish topshirig‘ini vakolatli tanishlari orqali tayyorlatib berish evaziga 25 ming AQSH dollari talab qilib, oldindan 12 500 AQSH dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Shuningdek, tezkor tadbir davom ettirilib, undan arxitektura-rejalashtirish topshirig‘ini tayyorlab berish evaziga 5000 AQSH dollari olgan vaqtida viloyat qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi bosh boshqarmasida bo‘lim boshlig‘i lavozimida ishlovchi mansabdor tanishi ham qo‘lga olingan.
LiveBarchasi