Kameralar jarimasidan “dod” degan 103 haydovchining sudi bo‘ldi
Jamiyat
−
11 yanvar 2023
29058Sud yo‘llardagi qoidabuzarliklar uchun jarima bayonnomalarini olayotgani aytib videomurojaat qilgan tez yordam haydovchilaridan biriga ogohlantirish berdi. Bu haqda sud majlisida qatnashgan QALAMPIR.UZ muxbiri Feruza Najmiddinova xabar berdi.
Holat yuzasidan Uchtepa tumani IIBda olib borilgan tergovga qadar surishtiruvlar asosida ish hujjatlari sudga taqdim etilgan. IIB taqdim etgan tergov hujjatlari asosida bugun, 11 yanvar kuni, Jinoyat ishlari bo‘yicha Uchtepa tuman sudida sud majlisi bo‘lib o‘tdi.
Unga ko‘ra, tez yordam haydovchisi Miraziz Samiqov va Maxsuslashtirilgan avtoxo‘jaligi mexanigi Dilshod Qosimov O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasi (mayda bezorilik), 202-2-moddasi (yolg‘on axborot tarqatish) bilan huquqbuzar deb topilgan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Uchtepa tumani sudining 2023 yil 11 yanvardagi qarori bilan Dilshod Qosimov (Maxsuslashtirilgan avtoxo‘jaligi mexanigi)ning harakatlarida MJtKning 183-moddasi va 202-2-moddasi 2-qismida nazarda tutilgan huquqbuzarliklar alomatlari yo‘qligi sababli unga nisbatan yuritilgan ma’muriy ish MJtKning 271-moddasi 1-bandiga asosan harakatdan tugatildi.
Murojaatni videotasvirga olgan tez yordam haydovchisi Miraziz Samiqovning harakatlarida MJtKning 183-moddasida nazarda tutilgan huquqbuzarlik alomatlari yo‘qligi sababli ishning shu qismi MJtKning 27-1-moddasi (ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlarni yuritishni istisno etuvchi holatlar) 1-bandiga asosan harakatdan tugatildi.
Haydovchi Miraziz Samiqov MJtKning 202-2-moddasi 2-qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etganlikda aybli deb topilib, u MJtKning 21-moddasi (huquqbuzarlikning kam ahamiyatliligi sababli ma’muriy javobgarlikdan ozod qilish)ga asosan ma’muriy javobgarlikdan ozod etildi va ogohlantirildi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 9 yanvar kuni Toshkentda tez yordam haydovchilari qoidabuzarliklar uchun jarima bayonnomalari kelayotgani sabab videomurojaat bilan chiqqan edi. Ular chaqiruv bo‘yicha harakatlangan vaqtlarida tezlikni oshirish, “polosa”ni bosish, qizil chiroqda o‘tib ketganlik uchun jarimaga tortilganlarini aytishgan.
Holat yuzasidan Ichki ishlar vazirligi va Sog‘liqni saqlash vazirligi qo‘shma bayonot berdi.
Unda qayd etilishicha, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 17-1-moddasiga ko‘ra, tezkor va maxsus xizmatlarning transportlari, shuningdek ular kuzatib kelayotgan transportlar tomonidan yo‘l harakati qoidalariga muvofiq imtiyozdan foydalangan holda sodir etilgan huquqbuzarliklar avtomatlashtirilgan texnikalar orqali aniqlanganda hamda kechiktirib bo‘lmaydigan xizmat vazifalarini bajarganlikni tasdiqlovchi hujjatlar ko‘rsatilganda haydovchilarning qoidabuzarligi oxirgi zarurat holatlarida sodir etilgan deb topiladi.
Mazkur hujjatning 271-moddasiga ko‘ra, shaxs harakatni oxirgi zarurat holatida qilgan bo‘lsa, ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlarni yuritishni boshlash mumkin emas. Boshlangan ish esa tugatilishi belgilangan.
9 yanvar kuni 9 nafar tez yordam haydovchilari va Maxsuslashtirilgan avtokorxona (103 avtomobillari garaji)ning 3 nafari xodimi Uchtepa tumani ichki ishlar bo‘limiga olib ketilgan, haydovchilarning 8 nafari qo‘yib yuborilib, murojaatni video tasvirga olgan Miraziz Samigov Uchtepa tuman IIBda olib qolingan.
Toshkent shahar IIB holatga izoh berib, Uchtepa tumani IIO FMB tomonidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilayotganini ma’lum qildi.
LiveBarchasi