Sud sobiq prezidentni aybdor deb topdi

Olam

image

Qirg‘izistonning Pervomay tuman sudi sobiq prezident Almazbek Atamboyevni qonundagi o‘g‘ri Aziz Batukayevni hibsdan ozod etishda sirtdan aybdor deb topdi, biroq ish bo‘yicha da’vo muddati o‘tgani uchun jazo tayinlamadi. Bu haqda TASS davlat rahbarining advokati Sergey Slesarevga tayanib xabar berdi. 

“Batukayevga nisbatan allaqachon hukm chiqarilgan. Atamboyev da’vo muddati o‘tganligi sababli (ish bo‘yicha – tahr.) hukm chiqarmasdan aybdor deb topildi”, deydi u. 

Sud Qirg‘izistonning sobiq rahbari 2006 yilda 16 yilga ozodlikdan mahrum etilgan jinoyatchi Batukayevning 2013 yil aprelida, jumladan, ommaviy tartibsizliklarni uyushtirganlik va noqonuniy qurol-yarog‘ saqlagani uchun noqonuniy ravishda muddatidan oldin ozod qilinishiga aloqadorligini aniqladi. Muddatidan oldin ozod etilganidan so‘ng, Batukayev Grozniyga jo‘nab ketgan. 

Atamboyevning hibsga olinishi

Qirg‘izistonga 2011-2017 yillarda rahbarlik qilgan Atamboyev 2019 yil 8 avgust kuni Chuy viloyatining Qo‘y-Tosh qishlog‘idagi qarorgohida deyarli bir kun davom etgan maxsus operatsiya davomida qo‘lga olingan edi. Unga qo‘yilgan barcha ayblovlarni bir necha bor rad etgan sobiq davlat rahbarining tarafdorlari qarshilik ko‘rsatgan va maxsus bo‘linmaning bir zobiti operatsiya davomida halok bo‘lgan. To‘qnashuv vaqtida 100 dan ortiq odam, jumladan politsiyachilar tibbiy yordam so‘rab murojaat qilgan. 

Sobiq prezident hibsga olinganidan bir necha kun o‘tib, huquq-tartibot idoralari xodimlariga nisbatan zo‘ravonlik qo‘llash, ommaviy tartibsizliklar uyushtirish, qotillik, qotillikka urinish, shuningdek, garovga olishni tashkil etish, Bishkek issiqlik elektr stansiyasini rekonstruksiya qilishdagi korrupsiya, Bishkekdagi “Forum” sanoat guruhi binosi bilan noqonuniy bitim tuzish, Qo‘y-Tosh qishlog‘i va Issiqko‘l viloyatidagi yer uchastkalarini noqonuniy egallab olish ayblovlari qo‘yilgan. 

Sobiq davlat rahbari 2020 yil yozida 11 yilu 2 oyga qamoq jazosiga hukm qilingan edi. Keyinchalik Atamboyevga qo‘yilgan ba’zi ayblovlar olib tashlangan, 2022 yil iyunida esa u 2020 yil oktyabr oyida Bishkekda ommaviy tartibsizliklar uyushtirganlikda ayblanib, oqlangan edi. 

Sud qarori bilan 2023 yil 14 fevralda 3,5 yil tartibli koloniyada o‘tirganidan so‘ng ozodlikka chiqdi va respublikani tark etdi. Sobiq prezident ozodlikka chiqqanidan keyin davolanish uchun Ispaniyaga ketdi. Hozirda ham u Qirg‘izistondan tashqarida.


Maqola muallifi

Teglar

Qirg'iziston Almazbek Atamboev

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing