Sud Niderlandiyaning Isroilga samolyot ehtiyot qismlari yetkazib berishini taqiqladi

Olam

image

Niderlandiya endi Isroilga F-35 qiruvchi samolyotlari uchun ehtiyot qismlar yetkazib bera olmaydi. Bunday qaror kecha, 12 fevral kuni huquq himoyachilari shikoyat qilgan Gaaga apellyatsiya sudi tomonidan qabul qilindi. 

Sud Isroil G‘azo sektoriga hujumlarida F-35 qiruvchi samolyotlaridan foydalanayotgani va buning “tinch aholi uchun oqibatlari yetarli darajada hisobga olinmagani” haqida qaror chiqardi. Ilgari, quyi sud bu ishda davlat tomonida bo‘lib, yetkazib berishga ruxsat bergandi.

"Sud G‘azo sektorida Isroilning F-35 qiruvchi samolyotlari tomonidan xalqaro huquq va inson huquqlarining jiddiy buzilishi xavfi aniq, deb hisobladi", deb tushuntirdi ishni ko‘rib chiqayotgan sudya. 

Sudning qo‘shimcha qilishicha, bunday samolyotlarning barcha qismlarini Isroilga eksport qilish va yetkazib berish yetti kun ichida to‘xtatilishi kerak. 

Sudya Niderlandiya hukumati vakillarining agar bunday yetkazib berish to‘xtatilsa, Qo‘shma Shtatlar bilan "o‘ta muhim munosabatlar" xavf ostida qolishi mumkinligi haqidagi dalillarini rad etdi.

“Huquqiy nizo AQSHga tegishli bo‘lgan va Niderlandiyada saqlanadigan F-35 qismlariga tegishli. Ular Yevropa Ittifoqi davlatlaridan AQSHning Isroil kabi hamkor mamlakatlariga eksport shartnomalari asosida jo‘natiladi. Amsterdamga qarshi da’voni bir qancha inson huquqlari guruhlari, jumladan, qashshoqlikka qarshi kurash tashkiloti Oxfam’ning Niderlandiya bo‘limi qo‘zg‘atgan”, deya aniqlik kiritadi AFP. 

“The Jerusalem Post” gazetasining qayd etishicha, Isroil HAMAS bilan urush boshlanganidan beri Niderlandiyadagi mintaqaviy F-35 qismlari omboridan kamida bitta yuk olgan.


Maqola muallifi

Teglar

F-35 Isroil Niderlandiya HAMAS

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing