Stoltenberg NATO davlatlarini Kiyevga shoshilinch yordam jo‘natishga chaqirdi

Olam

image

Bugun, 8 iyun kuni NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg NATO-Ukraina komissiyasining yig‘ilishida alyans davlatlarini Kaxovka GESi to‘g‘onining buzilishi oqibatida yuzaga kelgan ekologik ofat tufayli Kiyevga shoshilinch gumanitar yordam ko‘rsatishga chaqirdi. Bu haqda NATOning yopiq eshiklar ortida o‘tgan uchrashuv yakunlari bo‘yicha e’lon qilingan yozma bayonotida aytildi. 

Qayd etilicha, yig‘ilishda virtual tarzda ishtirok etgan Ukraina Tashqi ishlar vaziri Dmitriy Kuleba ittifoqchi mamlakatlarga Ukraina janubidagi Kaxovka GESi to‘g‘oni vayron qilingani haqida ma’lumot berib, yuzaga kelgan vayronagarchiliklarga e’tibor qaratgan. Bosh kotib Stoltenberg bu oqibatlarni minglab odamlar uchun dramatik deb atagan va NATO davlatlarini zudlik bilan insonparvarlik yordami ko‘rsatishga chaqirgan. 

"NATO davlatlari Ukraina bilan to‘liq birdam ekanliklarini bildirdi, ularning ko‘pchiligi suv filtrlari, suv nasoslari, generatorlar va boshpana ob’ektlari kabi muhim yordam ko‘rsatmoqda. NATOning Yevro-Atlantikadagi ofatlarga javob berishni muvofiqlashtirish markazi Ukrainaga tegishli eng kerak narsalarning batafsil ro‘yxatini tarqatdi”, deyiladi rasmiy bayonotda.

Bundan tashqari, Stoltenberg Ukrainaga shoshilinch o‘rta va uzoq muddatli harbiy yordam ko‘rsatish 15-16 iyun kunlari bo‘lib o‘tadigan NATO Mudofaa vazirlarining yig‘ilishi, Ukraina bo‘yicha aloqa guruhining Ramshteyndagi yig‘ilishi va iyul oyida Vilnyusda bo‘ladigan alyans davlat va hukumat rahbarlari sammitining asosiy mavzusi bo‘lib qolishini va’da qilgan.

Eslatib o‘tamiz, 6 iyun kuni ertalab Ukrainaning vaqtinchalik Rossiya tomonidan egallangan Xerson viloyatidagi Kaxovka GESi to‘g‘on portlashi oqibatida vayron bo‘lgandi. Buning oqibatida aholi yashash punktlari suv ostida qoldi va Xerson viloyatida favqulodda holat joriy qilindi. BMT Xavfsizlik kengashi ham mazkur masalani ko‘rib chiqdi. Kiyev va Moskva stansiyadagi portlashda bir-birini aybladi. Rossiya Tergov qo‘mitasi Kaxovka GESi vayron qilinishi bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atdi. NATO, Yevropa Kengashi va Germaniya esa portlashda Rossiyaning qo‘li borligini aytdi. Rossiya TIV vakili Mariya Zaxarova Ukraina GESga hujum qilishni reja qilganini oldindan bilganini bildirdi. Kecha, 7 iyun kuni esa Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy BMT va Qizil Xochning Kaxovka GESidagi favqulodda holatga munosabatidan hafsalasi pir bo‘lganini aytdi.


Maqola muallifi

Teglar

NATO Kiev Stoltenberg shoshilinch yordam

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing