SSVning Bosh prokurorga murojaat etishiga aholiga kerakli dori ta’minotidagi muammo sabab bo‘lgan
Jamiyat
−
29 iyun 2019
4639Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan Andijon viloyati hokimi Sh.Abdurahmonovning ovozi aks etgan audiomaterial bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi quyidagilarni bildiradi.
SSV Matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, Andijon viloyat hokimligida 2019 yil
3 yanvarda o‘tkazilgan yig‘ilish bayoni qarori bilan viloyat moliya boshqarmasiga pul mablag‘larini tibbiyot muassasalaridan yig‘ib olib, viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi hisob raqamiga markazlashtirish hamda ushbu pul mablag‘lariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri tuzilgan shartnomalarga muvofiq, shprits, infuzion sistema va tibbiy qo‘lqoplar sotib olish topshirilgan.
Vaholanki, “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga ko‘ra, to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma tuzish yo‘li bilan ushbu tibbiy buyumlarni xarid qilish taqiqlangan. Yuqoridagi topshiriq asosida Andijon shahrida joylashgan ”MAKRO FARM ANDIJON” MCHJ bilan yuqoridagi qonun talablariga zid ravishda tuzilgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar asosida jami 6,3 mlrd so‘mlik muvofiqlik sertifikati mavjud bo‘lmagan shprits va sistemalar sotib olingan.
Xuddi shunday tartibda topshiriq asosida Andijon shahridagi “GOLD GROWN PHARMA” MCHJdan noqonuniy ravishda jami 20,1 milliard so‘mlik muvofiqlik sertifikati mavjud bo‘lmagan tibbiy qo‘lqop mahsulotlari xarid qilingan.
“Aslida ushbu mablag‘larga viloyat aholisiga tibbiy xizmat ko‘rsatish uchun dori vositalari va boshqa zarur tibbiy bumlar ham sotib olinishi lozim edi, - – Buning oqibatida, Andijon viloyatida 2018-2019 yillarda shprits, sistema va qo‘lqoplar bilan ta’minot darajasi zarur ehtiyojdan bir necha marotaba ortiqqa ta’minlangan, lekin shoshilinch yordam uchun kerakli bo‘lgan va boshqa dori vositalari ehtiyojga nisbatan bir necha marotaba kam xarid qilingan”, deydi Sog‘liqni saqlash vazirligining Yuridik bo‘limi boshlig‘i Ruslan Muxammadiyev.
Oddiy qilib aytganda, pul mablag‘larining noto‘g‘ri taqsimlanishi va davlat xaridlarini amalga oshirish tartibi buzilishi oqibatida o‘rganilgan tashkilotlarda viloyat aholisining dori vositalariga bo‘lgan ehtiyoji 44,5 foizga (“Aktovegin” dori vositasiga bo‘lgan ehtiyoj hatto
5 foizga) ta’minlangan bir paytda, qo‘lqop 265 foizga, sistema 103 foizga hamda shprits 500 foizga ehtiyojdan ortiq sotib olingan.
“Amaldagi qonun hujjatlari talablariga muvofiq, yuqoridagi ko‘rsatilgan tibbiy buyumlar majburiy ravishda sertifikatlashtirilishi, ya’ni sifati O‘zbekiston Respublikasida amalda bo‘lgan standartlarga to‘liq javob berishi shart edi. Tabiiyki, bunday sertifikati bo‘lmagan mahsulotlarni sotish va ishlatish umuman mumkin emas. Lekin shunga qaramay, ko‘rsatilgan holatda bunday sertifikati bo‘lmagan (hattoki 47 ta holatda bunday sertifikat berish rad etilgan) sifatsiz tibbiy buyumlar sotib olingan”, deydi R.Muxammadiyev.
Ushbu holatlar vazirlik tomonidan aniqlanganidan keyin dastlab 2019 yilning 13 may kuni Andijon viloyat hokimi nomiga bu to‘g‘rida rasmiy xat yuborilib, yuzaga kelgan muammoli masalaning yechimida amaliy yordam ko‘rsatish so‘ralgan. Vaziyat bo‘yicha hech qanday ijobiy o‘zgarish sezilmaganidan keyingina hamda viloyat tibbiyot muassasalarida dori vositalariga ehtiyoj kuchayib, dori vositalari ta’minoti bilan bog‘liq vaziyat chigallashishni boshlaganidan keyin (oradan 15 kun o‘tib) joriy yilning 28 may kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasiga yuqoridagi holat bo‘yicha to‘plangan materiallar yuborilgan va masalaning oqilona yechimini topishda amaliy yordam ko‘rsatish so‘ralgan.
Ta’kidlash kerakki, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasiga yuborilgan xatda Andijon viloyati hokimligi yoki hokim Sh.Abdurahmonov haqida hech qanday ma’lumot mavjud emas.
LiveBarchasi